Shavkat Mirziyoyev raisligida Qashqadaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi. “Spot” unda ilgari surilgan muhim topshiriq va takliflarni bir joyga berdi.

Davlat rahbari dunyodagi vaziyat va ziddiyatlar tobora kuchayib borayotgani, bunday sharoitda befarq bo‘lib, “kun o‘tsa bo‘ldi” qabilida ish tutadigan rahbarlar eng katta dushman ekanini qayd etdi.

“Mamlakatimiz, xalqimiz tinchligi, farovonligi va kelajagi uchun yangi korxonalar, ish o‘rinlari, yangi bozorlar, investitsiya, katta-katta tushumlar kerak”, — dedi prezident.

Hokim va vazirlar asosiy hamkor davlatlar bozoridagi tebranishlar, savdo cheklovlari davom etaversa, mahsulotlarni qayerga va qanday sotish kerak, qaysi korxonaga qanday ko‘mak berish zarur, degan masalalar ustida bosh qotirishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.


$1 mlrd to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya jalb qilinadi

Kelgusi yilda viloyatga $1 mlrd to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya jalb qilish zaminini hozirdan yaratish lozimligi qayd etildi.

Jumladan, Dehqonobod, Kitob va Qarshi tumanlaridagi sanoat zonalarida bo‘sh turgan 100 gektar yerlarga tadbirkorlar $300 mln investitsiya kiritib, 3,5 mingta ish o‘rni yaratish tashabbusi bilan chiqqan.

Shu kabi, Qarshi shahri va Kitobda ishlatilmayotgan paxta terminallarida sanoat texnoparkini tashkil qilib, kamida 5 mingta doimiy ish o‘rni yaratish imkoniyati bor.

Go‘sht, sut, meva-sabzavotni qayta ishlash sohasida $50 mlnlik loyihalarni ishga tushirish topshirildi.

Qozon shahrida imzolangan $337 mlnlik 21ta loyiha va O‘zbekiston-Xitoy biznes forumida kelishilgan $352 mlnlik 20ta loyihani yakuniga yetkazish vazifasi qo‘yildi.


Sanoat hajmi 40 trln so‘mga yetkaziladi

Davlat rahbari Qashqadaryo iqtisodiyoti faqatgina yirik korxonalarga qarab qolmasligi kerakligini ko‘rsatib o‘tdi.

Masalan, viloyatda iste’mol tovari ishlab chiqarishda o‘sish sur’atlari respublika ko‘rsatkichidan 3 barobar kam. Ayniqsa, kichik biznesning sanoatdagi ulushi eng oxirgi o‘rinlarda.

Vaholanki, Qamashida sement, gips va marmar, Shahrisabzda grafit, Yakkabog‘da kvars qumi, Chiroqchida marganes, Kitobda dolomit va chinni konlarini o‘zlashtirib, ishlab chiqarishni karrasiga oshirish mumkin.

Bundan tashqari, Qashqadaryoda yiliga 150 ming tonna polietilen granulasi ishlab chiqarilsa-da, uni atigi 4%i viloyatning o‘zida qayta ishlanadi. “Sho‘rtangaz kimyo majmuasi” atrofidagi 200 gektar bo‘sh yerda 100 turdagi import mahsulotini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ysa bo‘ladi.

Mutasaddilarga tadbirkorlar bilan uchrashib, yirik sanoat korxonalari bilan kooperatsiya asosida 10 mingta ish o‘rni yaratish topshirildi.

Umuman, Qashqadaryoda sanoat hajmini kelgusi yilda 40 trln so‘mga, eksportni $500 mlnga yetkazish belgilab olindi.


To‘qimachilik texnoparki tashkil etiladi

Qashqadaryo respublikada eng ko‘p don va paxta yetkazib beradi. Lekin viloyatda ish o‘rnini ko‘p yaratadigan mato to‘qish 30%dan oshmaydi, matoni bo‘yash yo‘lga qo‘yilmagan. Buni hisobidan qo‘shimcha 60 ming yoshlar va ayollarni band qilib, 500 mlrd so‘m tushumni ta’minlash mumkin.

Shu bois kelgusi yil davomida viloyatda $370 mlnlik 33ta yirik loyiha ishga tushiriladi. Bu orqali tayyor trikotaj mahsulot ishlab chiqarish 1,6 barobar, mato ishlab chiqarish 3,1 barobar oshib, 8 mingta ish o‘rni yaratiladi.

Viloyatda To‘qimachilik texnoparkini tashkil qilish va u yerga Yevropaning taniqli brendlarini olib kelish topshirildi.

Prezident bu yilgi mavsumdan to‘g‘ri saboqlar chiqarib, qishloq xo‘jaligidagi yondashuvlarni ham o‘zgartirish vaqti kelganini ko‘rsatib o‘tdi.

Hozirda kelgusi yildan boshlab fermerlarga klasterlarni ixtiyoriy tanlash hamda hosilning shartnomadan ortiqcha qismini erkin sotish imkoniyatini berish masalasi muhokama qilinayotganini aytdi.


10ta mobil laboratoriya tashkil etiladi

Kelgusi yilda Qashqadaryoda ekin maydonlarining agrokimyoviy tuproq tahlilini o‘tkazadigan 10ta mobil laboratoriya tashkil qilinadigan bo‘ldi.

Yana bir masala — viloyatda 1,4 mln gektar yaylov bor. Bu — 7 mln bosh qoramol va quy-echki uchun tabiiy ozuqa bazasi.

Lekin, Mirishkor, Muborak va Nishonda 20% yaylov degradatsiyaga uchragan, yana 25%ida yashil qoplama yo‘q.

Shu bois, kelgusi yilda 100 ming gektar yaylovni yashil ekinlar bilan qoplash dasturini amalga oshirish vazifasi qo‘yildi.

Bunda qurg‘oqchilik, issiq va cho‘llanishga qarshi urug‘chilik xo‘jaliklari tashkil qilinadi, meva-sabzavot va dorivor o‘simliklar ekiladi, ko‘p yillik daraxtzorlar barpo qilinadi.

Shuningdek, suv tejovchi texnologiyalar joriy etiladi hamda quyosh energiyasida ishlaydigan nasoslar o‘rnatilib, yomg‘irlatib sug‘orish pilot loyihasi ishga tushiriladi.

Bundan tashqari, Chorva mollari genetik tadqiqoti laboratoriyasi tashkil qilinib, Ispaniyaning “Assaf” qo‘ylaridan yangi milliy zotlar ko‘paytiriladi.

Mutasaddilarga 1,4 mln gektar yaylovning elektron xaritasini yaratish va 100 ming aholini band qilish bo‘yicha topshiriqlar berildi.


Sug‘orish tarmog‘i bosqichma-bosqich yopiq tizimga o‘tkaziladi

Prezident ekinlarni suv bilan ta’minlash masalasi yildan yilga tobora qiyinlashib borayotganiga e’tibor qaratdi. Bu muammo Qashqadaryo uchun ayniqsa dolzarb. Lekin suv tejovchi texnologiyalar 515 ming gektardan atigi 16%ida joriy qilingan.

Suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish sur’ati Kitob, Chiroqchi, Kasbi va Nishonda orqada. Koson, Mirishkor, Kasbi va Nishonda yerni lazerli tekislashga e’tibor berilmayapti.

Shu bois, viloyatga 15ta lazerli tekislash texnikasi olib kelinib, suv ta’minoti og‘ir Koson, Mirishkor, Kasbi va Nishonda dehqonlarga arzon va sifatli xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi.

Sug‘orish tarmog‘ini bosqichma-bosqich yopiq tizimga o‘tkazib, 30% suvni tejash mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi.

Shu munosabat bilan mutasaddilarga 50 kilometr kanallarni betonlash loyihasini boshlash, qo‘shimcha nasos va texnika olish, “Paxtaobod” kanalini modernizatsiya qilish bo‘yicha topshiriqlar berildi.


IT-klaster va universitet ochiladi

So‘nggi yillarda viloyatda yangi paydo bo‘lgan elektrotexnika, oziq-ovqat va qurilish materiallari kabi sohalar uchun kadrlar tayyorlash yaxshi yo‘lga qo‘yilmagani ko‘rsatib o‘tildi.

Masalan, Qarshi shahridan tashqari boshqa birorta tumanda IT markazlar faoliyati yo‘lga qo‘yilmagan. Vaholanki, 60ta kollejda bo‘sh turgan 28 ming kvadrat metr maydonda ham ishlab chiqarish, ham amaliy ta’limni yo‘lga qo‘ysa bo‘ladi.

Ana shunday bo‘sh turgan bino negizida kitoblik tadbirkor IT-klaster va universitet ochish tashabbusi bilan chiqqan. Prezident bu taklifni ma’qulladi.

Viloyat va tuman hokimlariga har bir tumandagi ish beruvchilarning o‘rta bo‘g‘in mutaxassislariga ehtiyojini aniqlash, kollej va texnikumlar yil davomida qaysi kasb bo‘yicha nechta mutaxassis tayyorlashi lozimligini belgilab berish hamda ta’lim muassasalarida ish beruvchilarning amaliy ustaxonasi va sexlarini ochish topshirildi.

Buning uchun 30 mlrd so‘m ajratiladi.


Viloyatda mobil poliklinikalar xizmati yo‘lga qo‘yiladi

Voha aholisining 42%ida ortiqcha vazn muammosi sabab yurak qon-tomir va qandli diabet kasalligi ko‘paygan.

Prezident bu holatdan tashvish bildirib, sog‘lom turmush tarzi targ‘ibotini kuchaytirish va viloyatda sog‘liqni saqlash tizimi salohiyatini oshirish zarurligini ta’kidladi.

Jumladan, qo‘shimcha ravishda rossiyalik hamkorlar bilan Kitobda yangi kardiologiya markazini barpo etish topshirildi.

Viloyatda mobil poliklinikalar xizmati yo‘lga qo‘yiladi, viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi negizida 600 o‘rinli klinika tashkil qilinadi.