Joriy yilning 1-mayidan “President Tech Award” startap tanloviga arizalar qabuli boshlangandi.

Qayd etilishicha, tanlovga ro‘yxatdan o‘tgan ishtirokchilar soni rekord daraja — 4000 dan oshgan.

Tanlov asosiy va maxsus yo‘nalishlarga bo‘linib, umumiy sovrin jamg‘armasi $1 mlnni tashkil etadi.

Asosiy yo‘nalishning har bir toifasi bo‘yicha sovrin jamg‘armasidan 1-o‘rin uchun $100 000, 2-o‘rin uchun $50 000 hamda 3-o‘rin uchun $30 000 ajratilishi belgilangan.

Shuningdek, xakatonda faqat bitta g‘olib jamoa aniqlanadi va $100 ming pul mukofoti ajratiladi.

“ICT Expo Uzbekistan” AKT ko‘rgazmasining rasmiy ochilish tadbiri doirasida tanlov g‘oliblari taqdirlandi.

Hakamlar hay’atining baholari va xakaton davomida loyihaning texnik amalga oshirilishi natijalariga ko‘ra, Maftuna Ziyamova, David Alkamyan, Yasmina Ablayeva va Azam Behruz kabi yoshlardan tarkib topgan “Rammstein Theorem” jamoasi g‘olib deb topildi.

Jamoa sog‘liqni saqlash sohasida raqamli texnologiyalar yo‘nalishida “Sog‘ Bo‘l” loyihasini ishlab chiqishgan.

Mazkur loyiha foydalanuvchilar uchun barcha tahlillar natijalarini birlashtirish imkonini beradi.

Shuningdek, sun’iy intellekt ko‘rsatkan ko‘rsatmalarni tahlil qiladi va oldindan tashhis qo‘yadi va kasallik tarixi shakllanadi. Bu esa barcha shifokorlar uchun yordamchi bo‘ladi.

G‘olib jamoa xakatonda ishlab chiqilgan loyihani takomillashtirish va amalga oshirishga yordam beradigan $100 ming miqdoridagi grantga ega bo‘ldi.

Shuningdek, tanlov doirasida quyidagi jamoalar eng yaxshi 10 talikka kirdi:

  • Afshon;
  • AI Development Generation;
  • Datatech;
  • ForeLead X;
  • MyWorBaseAI;
  • TemuriyDevs;
  • TT;
  • Tzeentch;
  • Zephyr.

Avvalroq “Spot” “Entrepreneurship World Cup 2024” tanlovining milliy bosqichi uchun arizalar qabul qilinayotgani haqida yozgandi.

Milliy bosqich g‘oliblari Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tadigan umumiy mukofot jamg‘armasi $1 mln bo‘lgan xalqaro bosqichda o‘z loyihalarini taqdim etadi.