Transport vaziri Ilhom Maxkamov hamda Qatar Davlati Transport vaziri o‘rinbosari Hamad Iso Abdullo o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda fuqaro aviatsiyasi sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida “Qatar airways” aviakompaniyasi tomonidan Doha-Toshkent-Doha yo‘nalishida aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish masalasi ko‘rib chiqildi.
Qatar Transport vaziri o‘rinbosari Hamad Iso Abdullo mazkur masalada hozirda davlat ichki jarayonlari tugatilayotganini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, 2024-yilning mart oyi oxiridan reyslarni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
Joriy yilning iyun oyida mazkur yo‘nalishdagi aviaqatnovlarni amalga oshirish bo‘yicha kompaniya ichki tartiblarini ishlab chiqayotganini ma’lum qilgandi.
Bundan ikki yil oldin “O‘zaviatsiya” agentligi tomonidan “Qatar Airways” aviakompaniyasiga “Doxa-Toshkent-Doxa” yo‘nalishida muntazam parvozlarni amalga oshirish uchun ruxsatnoma berdi.
O‘zbekiston va Qatar hukumatlari o‘rtasida “Havo qatnovi to‘g‘risida"gi bitim 2021-yilning iyunida imzolangandi. Unga ko‘ra, “Doha-Toshkent-Doha” yo‘nalishida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgandi.
2022-yil yanvar oyidan boshlab “Qatar Airways” O‘zbekistonga parvozlarni amalga oshirishi haqida xabar berilgandi.
Parvozlar Airbus A320 samolyotlarida dushanba va juma kunlari Doxadan Toshkentga, seshanba va shanba kunlari esa qarama-qarshi yo‘nalishda amalga oshirilishi belgilangandi.
Avgust oyidan boshlab O‘zbekistonning “Centrum Air” xususiy aviatashuvchisi ikki davlat poytaxtlari o‘rtasida muntazam qatnovlarni yo‘lga qo‘ydi. Parvozlar har hafta — dushanba kunlari amalga oshiriladi.
Avvalroq O‘zbekiston Qatar fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy qilgani haqida xabar berilgandi.
Unga ko‘ra, Qatar fuqarolari uchun O‘zbekiston hududiga kirgan kundan e’tiboran 30 kunlik muddatga vizasiz rejim belgilandi.
Oktabr oyida Qatar ham O‘zbekiston fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy qildi. Bunda fuqarolar qaytish chiptasi hamda xorijga chiqish pasporti 6 oydan kam bo‘lmagan muddatga amal qilishi sharti bilan 30 kungacha bo‘lishlari mumkin.