kvartira, talabalar, uj ijarasi

Lobar Turayeva,

ijarachi.

Bu yil Toshkentdagi Jahon tillari universitetining magistratura bosqichiga o‘qishga qabul qilindim. Xursandchiligim cheksiz, ammo, qayerda yashayman degan savol meni o‘ylantirdi.

Vaholanki, Toshkentda na qarindoshim, na tanishim bor. Buni ustiga oliygohimda magistrlarga yotoqxona berilmas ekan. Mendagi yagona tanlov ijarada turish edi.

Shu tarzda “Telegram” messenjeri orqali “maklersiz kvartira, talabalarga kvartira, ijara kvartira” guruhlaridan, “OLX"dan ijaraga uy izlay boshladim. Uylar ko‘p, narxi ham sonidek daqiqasiga oshib borardi.

Bir nechta e’lonlardagi uy egalari, sheriklikka e’lon bergan qizlar bilan gaplashdim. Uy rasmlari, sharoiti bilan tanishar ekanman, aksariyati, shartnoma qilmasligini aytib o‘tdi.

Men uchun kvartiraning joylashuvi o‘qishimga ham, ishimga ham yaqin bo‘lishi kerak edi. Ammo, bunday joylashuvdagi uyni topa olmadim va o‘qish joyimga yaqin joydan izlay boshladim. Ijtimoiy tarmoqlarda e’lonlarni asosan, rieltorlar berar edi. Ular birinchi oy uchun oylik ijara to‘lovining 40−50%ini olish sharti bilan ijaraga uy topish berishlarini taklif qildi.

Pulni tejash maqsadida, ijaraga uyni o‘zim qidira boshladim va o‘qish joyimga yaqin hududlardagi oilalarning 3−4 tasidan so‘rab-surishtirdim. Natijada, o‘qishimga va transportga qulay joydan narxi $400 lik 3 xonali uy topdim. U yerga jami olti talaba qiz joylashdik.

Nimaga aynan bu “kvartira”?

Birinchidan, sharoitining yaxshiligi bu uyni tanlashimga asos bo‘ldi. Uyda barcha sharoitlar bor: muzlatkich, kir yuvish mashinasi, wi-fi, televizor, konditsioner, issiq suv va yaxshi isitish tizimi.

Ikkinchidan, uy egasi ijara shartnomasi tuzishga rozi bo‘lganligi. Uyda jami 6 ta qiz bo‘lib turishimizni ham aytib o‘tdik va uy egasi ham bir nechta qoidalarni keltirib o‘tdi. Natijada biz uy egasi bilan yaxshi kelisha oldik.

Uchinchidan, o‘qish joyimga yaqinligi, piyoda taxminan 8−10 daqiqalik yo‘l edi. Shuningdek, uy yaqinidan asosiy transportlar qatnashi va metroga ham qulayligi, yo‘l uchun ortiqcha vaqt va pul sarflanmaganligi uchun ham bu kvartirani tanladim.

Umuman olganda, o‘qish joyiga yaqin va yaxshi sharoitdagi uylarni topish ancha qiyin. O‘quv yili boshlanishidan kamida ikki hafta yokida bir oy oldin harakatga tushish kerak. Ijtimoiy tarmoqlardan qidirish, ko‘chama-ko‘cha yurib izlash, tanish-bilishlardan so‘rash… Talaba uchun ijara uyini topishda quyidagi jihatlarga e’tibor qaratiladi:

  • sharoiti — jihozlar mavjudligi, tozaligi;
  • narxi — hamyonbop bo‘lishi, shartnoma asosida ijaraga joylashish;
  • o‘qish joyiga yaqinligi — piyoda borishga qulayligi, transportga ortiqcha xarajat qilinmasligi.

Ijara shartnomasini tuzish

Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan 2023−2024-o‘quv yilida o‘qishga qabul qilingan 1-bosqich talabalariga sentabr-oktabr oylari uchun ijara kompensatsiyasi hech qanday shartnomasiz to‘lab beriladigan bo‘ldi. Yuqori kurslar uchun an’anaviy tarzda shartnoma tuziladi.

Biroq aksariyat uy egalari talabalarni ijaraga qo‘yishda shartnoma mas’uliyatdan qochishadi. Uy egalari bilan suhbatlashish chog‘ida agar shartnoma tuzilsa, ijara pulini ikkiga bo‘lib — talabalardan va davlatdan olish kerak bo‘lishi haqidagi noto‘g‘ri fikrlar borligini ma’lum bo‘ldi.

Aslida qanday? Uy egasi bilan shartnoma tuzilgach, oliygoh har oy talabalarga bazaviy hisoblashning (BHM) bir baravar miqdori, ya’ni 330 ming so‘m to‘lab beradi. Talaba esa ijara haqini xonadon egasiga har oy to‘liq to‘lab boradi.

Uyga ko‘chib kelgach, dastlab ishni ijara shartnomasini tuzishdan va uy egasi bilan bir qancha masalalarni batafsil kelishib olishdan boshladim.

Ijara shartnomasi uchun hujjatlarni oliy ta’limga topshirish uchun “Ijara shartnoma” “Telegram"-kanalidagi xizmat turidan foydalanmoqchi bo‘ldim. Bitta talaba uchun shartnoma tuzib berish narxi 20 ming so‘m, biz esa 6tamiz. Shunda o‘zim harakat qilib ko‘rsam-chi, deb Elektron soliq xizmatlari portalidagi videoqo‘llanmadan yo‘l-yoriqlarni o‘rgandim.

Onlayn shartnoma olish uchun e-imzo.uz sayti orqali elektron kalitga ariza beriladi. Bunda uy egasining pasporti rasmi va pasport bilan tushgan “selfi” rasmi kerak bo‘ldi. Kalitga ariza berishda jismoniy shaxslarga belgilangan to‘lov 23 100 so‘mni tashkil etadi.

To‘lov qilingach, saytga pasport rasmlari yuklanadi va elektron kalit olishga ariza jo‘natiladi. Ariza 24 soat davomida ko‘rib chiqilib tasdiqlanadi. Elektron kalit olingach ijara.soliq.uz yoki “Soliq” mobil ilovasi orqali “talabalarni ijaraga qo‘yish” bo‘limida shaxsiy identifikatsiya raqami (JShShIR) kiritilsa ma’lumotlar avtomatik shakllanadi.

Shuningdek, uy egasi bilan kelishgan holda, kommunal to‘lovlarni kim to‘lashi haqidagi shartlarni ham kiritib o‘tdik. Xizmatlarni onlayn amalga oshirish bir muncha qulay bo‘ldi. Bir kun ichida ijara shartnomasini tuzishga erishdik va oliygohimizga hujjatlarni topshirdik.

Ijaraga uy topishda men uchun deyarli muammolar kuzatilmadi va hozirda o‘zim xohlagan, shart-sharoitga ega uyda yashayapman.

Poytaxtdagi uy-joy ijarasi narxlarining o‘sishi

Talabalarning ijara uylarga bo‘lgan ehtiyoji yildan-yilga oshib bormoqda. Bu esa, o‘z-o‘zidan ichki uy-joy bozoriga ham ta’sir qilmasdan qo‘ymaydi. Ma’lumot uchun, poytaxtda uy-joy ijarasi uchun eng yuqori narxlar Shayxontohur, Yakkasaroy va Mirobod tumanlarida kuzatilgan bo‘lib, kvadrat metri uchun $11dan oshadi.

Eng past ko‘rsatkichlar esa Uchtepa, Sergeli va Bektemir tumanlarida bo‘lib, bir kvadrat metr uchun $7,4 dan $5,8 gacha boradi. Shu bilan birga, ijara narxining eng yuqori o‘sish sur’atlari poytaxtning Sergeli va Olmazor tumanlarida mos ravishda 6,5% va 6,4%ga hamda Bektemir tumanida 5%ga oshgani qayd etilgan.

So‘nggi bir oy ichida Mirobod, Yunusobod va Mirzo-Ulug‘bek tumanlarida ijara narxi 1,6% dan 3,5% gacha arzonlashdi. Shayxontohur tumanida esa ijara narxi o‘zgarishsiz qolgan.

2022-yilga yilga nisbatan Toshkent shahrida ijaraning o‘rtacha narxi 1,1%ga oshgan bo‘lib, yil boshidan buyon o‘rtacha ijara narxi deyarli 11,2%ga kamaygan.


kvartira, talabalar, uj ijarasi

Zafar To‘xtashov,

Advokat, ESTE advokatlik firmasining boshqaruvchi sherigi.

Shartnomani qanday tuzish va bunda nimalarni inobatga olish kerak?

Hujjatlarni tegishli joylarda to‘g‘ri rasmiylashtirishda, har ikkala tomonning barcha kelishuvlari va talablarini keltirib o‘tish muhim hisoblanadi.

Kundalik hayotda “ijara” deb ataladigan turar-joylarni ijaraga berish shartnomasida uy haqida ma’lumotlar va to‘lov miqdori ko‘rsatilishi kerak. Shuningdek, ijarachilar haqidagi ma’lumotlar va kommunal xizmatlarni to‘lash tartibini ham keltirib o‘tish tavsiya etiladi.

Ijara uchun tuzilishi kerak bo‘lgan ikkita hujjat mavjud bo‘lib bular:

1. Ijara shartnomasi. Qonunda bu shartnomani 5 yilgacha tuzish mumkinligi nazarda tutilgan. Agar hujjatda muddati ko‘rsatilmagan bo‘lsa ham, shartnoma 5 yilga rasmiylashtirilgan deb hisoblanadi.

2. “Kvartira"ni qabul qilish va topshirish akti. Aktda siz uy-ro‘zg‘or buyumlarining nomi va holatini aniq qilib ko‘rsatishingiz kerak, shunda uyni topshirish paytida uy egasi bilan buyumlar holati yuzasidan nizolar kelib chiqmaydi. Shuningdek, uyga joylashish va uydan chiqish paytida ham hisoblagichlarning ko‘rsatkichlari holatini qayd etish maqsadga muvofiqdir.

Shartnoma tuzishda quyidagi masalalarni ham ko‘rib chiqishni tavsiya qilaman:

  • boshqa mulkdorlar uyni ijaraga berishga rozi bo‘lishadimi;
  • kommunal to‘lovlarni kim to‘laydi;
  • to‘lovlar yoki mulkka zarar yetkaziladigan holatlar uchun oldindan to‘lov ya’ni “sug‘urta depoziti” taqdim etiladimi;
  • uy egasi uy hayvonlarini boqishga rozi bo‘ladimi;
  • uyning ichki qismini qayta qurish yoki o‘zgartirishga ruxsat beriladimi;
  • uy egasi va qo‘shnilarning mehmonlar tashrifiga munosabati qanday.

Bugungi kunda uy-joy ijarasi shartnomalarini soliq idorasida majburiy ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi mavjud. Bu esa uy egasining zimmasida bo‘lib, bu qoidaga rioya qilmaslik jarimaga tortilishga olib keladi.

Uy egasi bilishi kerak bo‘lgan, soliq organlari bilan tuzilgan munosabatlarning xususiyatlari mavjud. Amaliyotimda asosan, uy egasi bilan bir yilga shartnoma tuzilgan, ammo, ijarachilar 3 oydan keyin ko‘chib ketgan holatlar kuzatiladi.

Bu holatda uy egasi soliq idorasiga shartnomani muddatidan oldin bekor qilish to‘g‘risida xabar berishni hayoli ham keltirmaydi. Shu sababdan, u shartnomaning butun muddati uchun davlatga soliq to‘lab keladi.

Umuman olganda, hujjatlarni rasmiylashtirishda tajribali advokat ishtiroki muhim. Shuningdek, ba’zi holatlarda shartnoma salbiy tusga kelib qolishi mumkin bo‘lgan bandlarni tekshirishini so‘rashingiz mumkin.

Agar aldangan bo‘lsangiz nima qilish kerak?

Ish tajribamdan kelib chiqadigan bo‘lsak, uy egalarining orasida aldovning keng tarqalgan turi bu uyning haqiqiy holati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yashirishdir. Masalan, uy egasi kvartirada parazit hasharotlar borligi haqida xabar bermasligi.

Bu holatda, muammoni uy egasi tomonidan bartaraf etilishi choralarini ko‘rish kerak. Agar iloji bo‘lmasa shartnoma bekor qilinishi lozim.

Ijarachilar tomonidan eng ko‘p uchraydigan qoidabuzarliklar esa shartnomada kelishilgan pulni to‘lamaslik hisoblanadi. Uy egasi bir oydan uch oygacha bo‘lgan uy to‘lovini oldindan to‘lash yoki sug‘urta depozitini talab qilish orqali o‘zini himoya qilishi mumkin.

Ammo, har qanday holatda ham uy egasi uchun qarzni undirish va ijarachini uydan chiqarib yuborish oson bo‘lmaydi. Chunki qonun, uy egasiga qaraganda ijarada turgan shaxslarni ko‘proq himoya qiladi.

Qonunga muvofiq, turar-joy binolarini ijaraga berish shartnomasi quyidagi hollarda uy egasining iltimosiga binoan sudda bekor qilinishi mumkin:

  • turar-joy binolari uchun 6 oy, qisqa muddatli ijara uchun (1 yilgacha) — 2 oy davomida to‘lamaganlik;
  • uy-joy ijarachi yoki uning harakatlari uchun javobgar bo‘lgan boshqa fuqarolar tomonidan vayron qilinganligi, buzilganligi;
  • turar-joy binosidan noqonuniy xatti-harakatlar qilish uchun foydalanish.

kvartira, talabalar, uj ijarasi

Dilfuza Yunusova,

“New Home.707” rieltorlik agentligi rahbari.

Poytaxtga yildan-yilga kelayotgan talabalar soni ortib bormoqda. Bu esa o‘z-o‘zidan ijara uylarga bo‘lgan talabni oshiradi.

Talabalarga taklif qilinayotgan hovli-joylar, ko‘p qavatli binolarning shart-sharoitlarini ham yangilash va yaxshilash lozim.

Dastavval talabalar ijaraga uy topishga shoshilmasdan, avvalo, o‘zlarining oliy ta’limlariga yotoqxonaga joylashishlarini maslahat bergan bo‘lardim.

Davlat rahbari tomonidan hozirgi yotoqxonalarimizda hamma shart-sharoitlar mavjud. Nodavlat oliy ta’limga qabul qilingan va ta’lim olayotgan talabalar ko‘chmas mulk obyektini vaqtincha ijaraga olayotganlarida rieltorlarga murojaat qilishlari mumkin. Unda rieltor va talaba o‘rtasida xizmat ko‘rsatish shartnomasiga asosan ish yuritiladi.

Ijarachi talabalarning xatolari

Ijarachi talabalarning xatosi demagan bo‘lardim, chunki ularning aksariyati ilk marotaba “ijara"ga duch kelishadi. Maslahatim ko‘chamas mulk obyekti ya’ni uyni ijaraga olishayotganda, avvalo rieltor bilan xizmatni shartnoma asosida bo‘lishi kerak.

Unda talablar manfaati ko‘zlangan holda, xizmat ado etilgandan keyin, rieltor ish haqqi to‘lanishini va ijarachi bilan ham muayyan o‘zlari uchun kerak bo‘lgan vaqtgacha shartnoma asosida yo‘lga qo‘yilsa, hech kimni haq-huquqi poymol bo‘lmaydi degan umiddaman.

Talabalarning aksariyati ijaraga joylashayotgan uy egasiga talablarini yozma ravishda bermaydi. Bu esa vaqt o‘tgach ikkita taraf o‘rtasida nizolar keltirib chiqaradi.

Ijara va rieltorlik xizmatlari narxi. Bugungi kunda ijaraga uy-joylarning o‘rtacha narxi bitta odam uchun 300 mingdan 500 ming so‘mgacha, sharoitlaridan kelib chiqqan va talabalarimizning xohishlariga ko‘ra hisoblanmoqda.

Rieltorlik narxi o‘rtacha umumiy narxdan 30−50% tashkil etadi. Albatta narxlar o‘zgaruvchan, ya’ni, uyning sharoitiga, o‘qish joyiga uzoq yaqinligiga qarab ham o‘zgarib turadi.