Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Rossiyaning “San Marco” kompaniyasi direktori Aleksandr Kolotovni qabul qildi. Bu haqda hokimlik matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda “San Marco” kompaniyasi tomonidan viloyatda rejalashtirilayotgan marmardan rakovinalar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish loyihasi muhokama qilindi.

Mazkur korxonada ishlab chiqariladigan mahsulotlarni ichki bozorga, shuningdek, Hindiston, Arab davlatlari bozorlariga eksport qilish ko‘zda tutilmoqda.

Loyihani amalga oshirish natijasida jami 150ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Dastlabki bosqichda ish boshlaydigan mahalliy xodimlar uchun Rossiyadagi ishlab chiqarish korxonasida o‘quv-malaka kursi tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Uchrashuvda ushbu korxonani viloyatning So‘x tumanida joylashtirish masalasi muhokama qilindi. Loyihani tezkor amalga oshirish uchun tuman hududidagi bo‘sh turgan ishlab chiqarish maydonlari bo‘yicha ma’lumot taqdim etiladigan bo‘ldi.