Shavkat Mirziyoyev raisligida Qashqadaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘tayotgan yig‘ilishda viloyatda yilning to‘rt mavsumida turistlarni jalb qilish salohiyati mavjudligi qayd etildi.

Shunga qaramay, bu hozir Shahrisabz tumani, Shahrisabz shahri va Kitob bilan cheklangan. Yil boshidan viloyatga 180 ming xorijiy sayyoh kelgan.

Yangi tajriba asosida germaniyalik hamkorlar bilan Shahrisabz tumanidagi 3ta turizm mahallasining master-rejasi tayyorlandi. Bunda, $450 mln qo‘shimcha investitsiya va yiliga 1 mln sayyoh jalb etadigan infratuzilma yaratilmoqda.

Natijada tadbirkorlarda ishtiyoq kuchayib, bu loyihalarning $367 mlni yoki 81%ini ularning o‘zi tikayapti, deyiladi xabarda.

Buning hisobidan Shahrisabzning o‘zida yiliga qo‘shimcha 500 mlrd so‘m tushum kutilmoqda, 5 mingta yangi doimiy ish o‘rni yaratilmoqda.

Mutasaddilarga shu tajriba asosida yil yakunigacha Qamashi tumani va Qarshi shahrida ham loyihalarni ishga tushirish topshirildi.

Kelasi yildan Samarqand, Buxoro, Xorazm va vodiy viloyatlariga mahalliy reyslar ko‘paytirilib, Toshkent-Qarshi yo‘nalishidagi aviareyslar haftasiga 2 martadan 7 martaga oshiriladi.

Joriy yilning yanvar-avgust oylarida O‘zbekistonga xorijdan 4,3 mln turist tashrif buyurib, ulardan $1,4 mlrd tushum bo‘lgan. Bu davrda 15 mingta yangi mehmon o‘rinlari yaratilib, ularning soni 137 mingtaga yetdi. Shu bilan birga, 540ta dam olish va ko‘ngilochar maskan barpo etildi va 70ta turizm marshruti ochildi.

Yil oxirigacha mamlakatga 7 mln sayyoh tashrif buyurishi kutilmoqda. Bu ko‘rsatichni 2030-yilga borib 15 mlnga, ichki turizm oqimini esa 25 mlnga yetkazish rejalashtirilmoqda.

Joriy yilning sentabr oyida Samarqanddagi “Bog‘i baland” mahallasiga “turizm mahallasi” maqomi berildi. Avgust oyida prezident Samarqandning turizm salohiyati yuqori 100ta mahalla va qishlog‘ida “turizm ipotekasi” dasturi asosida yangi sayohat manzillari ochish bo‘yicha ko‘rsatma bergandi.