“Yandex Go” taksi agregatori O‘zbekistonda xizmatni mahalliylashtirish ustida ishlamoqda. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati “Spot"ga ma’lum qildi.
Xizmatning MDHdagi rahbari Kirill Svinsovning ta’kidlashicha, kompaniya mamlakat qonunchiligiga muvofiq ishlaydi va allaqachon mahalliy yuridik shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Joriy yilning 1-dekabrigacha axborot xizmatini mamlakat ichida mahalliylashtirish ham rejalashtirilgan.
“Bu xizmat mahalliy kompaniya tomonidan tegishli soliqlarni hisobga olgan holda taqdim etilishini anglatadi. Hozir jarayonlarni yo‘lga qo‘yyapmiz”, — dedi Svintsov.
“Yandex Go” yo‘lovchi tashuvlarini fiskallashtirish masalalari bo‘yicha Soliq qo‘mitasi bilan muloqotni davom ettirmoqda. Kompaniya vakili “mazkur vazifani belgilangan vaqt ichida amalga oshishini” kutmoqda.
Bundan tashqari, platforma sayohat xavfsizligi yechimlariga $350 mingdan ortiq sarmoya kiritdi. Xizmat baxtsiz hodisalarning oldini olish uchun tezlik va haydash uslubi monitoringini yo‘lga qo‘ydi. Shuningdek, haydovchilar va yo‘lovchilarni sug‘urtalashni taklif qiladi.
Oktabr oyi boshida Soliq qo‘mitasi “Yandex Go"dan O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tish va soliqlarni to‘lashni talab qildi.
Agar taksi xizmati bu talablarni bajarmasa mamlakatda agregator sifatida foydalanib kelinayotgan platforma bloklanadi. Kompaniya talablarni joriy yilning dekabrigacha bajarishi kerak.
Joriy yilning avgustida “Yandex Go” xizmati Qarshida ishga tushirildi va bu bilan taksi xizmati faoliyat yuritayotgan mamlakatdagi o‘ninchi shahar bo‘ldi.