Osiyo taraqqiyot banki Farg‘onada suv ta’minotini yaxshilashga mablag‘ ajratmoqchi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Bu bo‘yicha, viloyat hokimi Xayrullo Bozorov bankning Shaharsozlikni va suv ta’minotini rivojlantirish boshqarmasi rahbari Szinmin Xuan bilan muhokama olib bordi.

Xususan, Farg‘ona, Marg‘ilon shaharlari va tutash hududlarda yashovchi aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, viloyat tumanlari markazlaridagi oqova suv tarmoqlarini yaxshilash loyihalarini bankning imtiyozli mablag‘lari hisobiga amalga oshirish masalasi ko‘rib chiqildi.

Bank O‘zbekistonda ichimlik suv ta’minotini hamda oqova suv tarmoqlarini yaxshilash loyihalari portfeli uchun $270 mln atrofida imtiyozli mablag‘ ajratishni ko‘zda tutmoqda. Szinmin Xuan mazkur mablag‘larning $150 mlndan ortig‘i Farg‘ona viloyatiga yo‘naltirilishi rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.

Muzokaralar davomida toza ichimlik suvi ta’minoti bo‘yicha avvaldan mavjud loyihalarni bugungi kun talablaridan kelib chiqib qayta ishlash, oqova suvlar bo‘yicha loyihalarni ishlab chiqish bo‘yicha ish tashkil etishga kelishib olindi. Loyihalarni tayyorlashni moliyalashtirish uchun zarur mablag‘ bank tomonidan ajratilgan.

OTB O‘zbekistonda elektromobillarni ommalashtirishga $170 mln yo‘naltirishni rejalashtirmoqda. Loyiha doirasida elektrobuslar parkini va yordamchi infratuzilmani joylashtirish, jamoat transporti tizimini yaxshilash hamda davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlash belgilangan.

Avgust oyida Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki Buxoro viloyatida suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini yaxshilashga $281,2 mln ajratishi ma’lum qilingandi.