O‘zbekistonda korxona va tashkilotlar xodimlarining o‘rtacha oylik ish haqi 4,3 mln so‘mni tashkil etadi. Bu haqda Statistika agentligi ma’lumotlarni taqdim etdi.

Joriy yilning yanvar-sentabr oylarida qayd etilgan mazkur ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 18,1%ga oshgan.

Hududlar bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich Toshkentda kuzatilib, bu davrda o‘rtacha maosh qariyb 7,2 mln so‘m (20,2%)ni tashkil etdi. Undan keyingi o‘rinlarda Navoiy (5,7 mln so‘m) hamda Toshkent (4,4 mln so‘m) viloyatlari turibdi.

Eng kam o‘rtacha oylik ish haqi esa Qashqadaryo viloyatiga to‘g‘ri keladi — 3,2 mln so‘m. Bundan tashqari, past ko‘rsatkich Samarqand, Surxondaryo, Farg‘ona hamda Namangan viloyatlarida kuzatilgan.

Hududlardagi korxona va tashkilotlar xodimlarining o‘rtacha oylik ish haqi quyidagicha:


Hududlar
O‘rtacha oylik ish haqi
2022-yilga nisbatan o‘sish
1
Toshkent shahri
7 186 900 so‘m
20,2%
2
Navoiy viloyati
5 750 300 so‘m
16%
3
Toshkent viloyati
4 419 200 so‘m
16,2%
4
Andijon viloyati
3 850 400 so‘m
18,7%
5
Buxoro viloyati
3 785 800 so‘m
18,3%
6
Xorazm viloyati
3 649 300 so‘m
18,9%
7
Qoraqalpog‘iston Respublikasi
3 638 200 so‘m
16%
8
Sirdaryo viloyati
3 533 600 so‘m
13,8%
9
Jizzax viloyati
3 388 400 so‘m
19,5%
10
Farg‘ona viloyati
3 340 400 so‘m
19,4%
11
Surxondaryo viloyati
3 314 200 so‘m
18,5%
12
Samarqand viloyati
3 298 900 so‘m
18,5%
13
Namangan viloyati
3 258 800 so‘m
15,7%
14
Qashqadaryo viloyati
3 200 800 so‘m
11,9%

Yanvar-sentabr oylarida iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha o‘rtacha oylik ish haqining eng yuqori ko‘rsatkichi moliya va sug‘urta sohasida qayd etilgan — 12,7 mln so‘m.

Undan keyingi o‘rinlarda esa axborot va aloqa sohasi (10,3 mln so‘m) hamda tashish va saqlash sohasi (6,7 mln so‘m) turibdi.

Shuningdek, o‘rtacha oylik ish haqi sanoatda 5,4 mln so‘mni, qurilishda 5,1 mln so‘mni hamda savdo sohasida 4,8 mln so‘mni tashkil etgan.

Eng past ko‘rsatkich esa ta’lim (3 mln so‘m) sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish (2,9 mln so‘m) sohalariga to‘g‘ri keladi.

Axborot va aloqa sohasi

Oylar bo‘yicha axborot va aloqa sohasida eng yuqori o‘rtacha oylik ish haqi avgustda qayd etilgan — 11,3 mln so‘m.

Mazkur sohaning asosiy tarmoqlari bo‘yicha o‘rtacha oylik ish haqining eng yuqori ko‘rsatkichi quyidagicha shakllangan:

  • dasturlashtirish, maslahat berish va boshqa yordamchi xizmatlar — 16,2 mln so‘m;
  • axborot xizmatini ko‘rsatish — 12,1 mln so‘m;
  • aloqa sohasi — 9,4 mln so‘m;
  • noshirlik faoliyati — 8,1 mln so‘m.

Axborot va aloqa sohasi bo‘yicha o‘rtacha oylik ish haqining eng yuqori ko‘rsatkichi Toshkentga to‘g‘ri keladi va bu davrda o‘rtacha ish haqi 11,6 mln so‘mni tashkil etgan.

Undan keyingi o‘rinlarda 8 mln so‘m bilan Farg‘ona hamda 7,9 mln so‘m bilan Buxoro viloyati turibdi.

Moliya va sug‘urta sohasi

Mazkur iqtisodiy faoliyat turi bo‘yicha eng yuqori o‘rtacha oylik ish haqi moliyaviy xizmatlar ko‘rsatish hamda sug‘urtalash bo‘yicha yordamchi faoliyatda qayd etilgan — 15,08 mln so‘m.

Eng past ko‘rsatkich esa majburiy ijtimoiy sug‘urtalashdan tashqari, qayta sug‘urtalash hamda nafaqa jamg‘armalari faoliyatida (12,9 mln so‘m) kuzatilgan.

Ta’lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar

Ta’lim sohasida o‘rtacha oylik ish haqining eng yuqori ko‘rsatkichi oliy ta’limda kuzatildi — 7,1 mln so‘m. Eng past ko‘rsatkich esa maktabgacha ta’limga to‘g‘ri keladi — 1,6 mln so‘m.

Shuningdek, umumiy o‘rta ta’limda o‘rtacha oylik ish haqi 3 mln so‘mni hamda texnika va professional ta’limda 3,1 mln so‘mni tashkil etgan.

Hududlar bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich Toshkentda (4,88 mln so‘m), eng past ko‘rsatkich esa Qashqadaryo viloyatida (2,5 mln so‘m) qayd etilgan.

Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sohasining faoliyat turlari bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich ham Toshkent shahriga to‘g‘ri keladi — 3,5 mln so‘m. Shu jumladan, eng past ko‘rsatkich Qashqadaryo viloyatida (2,29 mln so‘m) kuzatilgan.


Avvalroq O‘zbekistonda ko‘pchilik xodimlar maoshini oshirishni so‘rashni rejalashtirayotgani haqida ma’lum qilingandi.