Yil oxirigacha “Humo Air” xususiy aviakompaniyasi uchta Airbus A320 samolyotini oladi. Bu haqda aviatashuvchi matbuot xizmati “Spot"ga xabar berdi.

25-oktabr kuni aviakompaniya rejalari haqida birinchi matbuot anjumanini o‘tkazdi. Hozir aviatashuvchida 100dan ortiq xodim faoliyat yuritadi.

Kelasi uch oy ichida “Humo Air” 200 ming yo‘lovchini tashiydigan 1000ta reysni amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Aviakompaniya faoliyati ichki turizmni rivojlantirishga qaratilganligi ta’kidlandi.

Xususan, loukoster kompaniya Samarqand, Buxoro, Qarshi, Nukus, Urganch va Termizga har kuni parvozlarni yo‘lga qo‘yadi. O‘zbekiston shaharlariga aviachiptalar narxi 155 ming so‘mdan boshlanadi.

2024-yili “Humo Air” Olmaota, Istanbul va Dubayga parvozlarni boshlash niyatida.

O‘tgan yilning oxirida Shveysariyaning “ValleyRoad Capital S.A.” sarmoyaviy kompaniyasi 27,2 mlrd so‘mga “Humo Air” kompaniyasining 100% davlat ulushini sotib oldi.

Boshlanishiga yangi egasi dastlabki uchta samolyotni olishi va 2023-yilning iyun oyi oxirigacha muntazam reyslarni yo‘lga qo‘yishi rejalashtirilgandi.


Avvalroq Turkiyaning “Sunexpress” aviakompaniyasi Izmirdan Samarqandga parvozlarni boshlashi haqida xabar berilgandi. Aviaqatnov joriy yilning 12-noyabridan boshlanib, haftasiga uch marta — dushanba, payshanba va shanba kunlari amalga oshiriladi.