Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov “HUMO” to‘lov tizimidagi muammolarni yangi dasturiy ta’minot o‘rnatilishi bilan izohladi. Bu haqda u 26-oktabr kuni matbuot anjumani chog‘ida ma’lum qildi, deb xabar bermoqda “Spot” muxbiri.

Regulyator rahbari dasturiy ta’minotni yangilashdan so‘ng HUMO qiyinchiliklarga duch kelganini ta’kidladi. Yangi tizim yuklanishga bardosh bera olmadi va shu sababli to‘g‘ri ishlamadi, deya ta’kidladi u.

“Bu faqat dasturiy ta’minotni yangilash bilan bog‘liq, boshqa hech narsa yo‘q”, dedi Nurmuratov.

Oktabr oyi boshida “Humo” kartalaridan to‘lov va pul o‘tkazmalarini amalga oshirishda cheklovlar kuzatilgandi.

Milliy banklararo prossesing markazi bu “SMS-xabarnoma” xizmatida yuzaga kelgan muammolar sabab kuzatilayotganini ma’lum qildi.

To‘lov tizimi hozirda bu masala bilan mutaxassislar shug‘ullanayotganini va yaqin orada muammo hal etilishini ma’lum qildi.

Shuningdek, o‘tgan haftada “Humo” to‘lov tizimi terminallarida to‘lovlarni amalga oshirishda qiyinchiliklar kuzatildi.

Milliy banklararo protsessing markazi yuzaga kelgan holat bo‘yicha choralar ko‘rilayotganini hamda yaqin orada barcha nosozliklar bartaraf etilishini ma’lum qildi.


Avvalroq “Spot” Markaziy bank so‘m belgisi uchun yangi tanlov e’lon qilishi mumkinligi haqida yozgandi.

O‘tgan yili regulyator jamoatchilik tanqididan so‘ng g‘olib bo‘lgan ramzni tasdiqlash jarayonini bekor qilgandi.