Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov o‘zbek so‘mining yangi ramzini ishlab chiqish bo‘yicha tanlov e’lon qilinishi mumkinligini ma’lum qildi. Bu haqda matbuot anjumanida ma’lum qildi, deb xabar beradi “Spot” muxbiri.

Regulyator rahbarining ta’kidlashicha, o‘tgan yili tanlangan o‘zbek so‘mi ramzi jamoatchilik tomonidan tanqid qilinganidan keyin ekspertlar komissiyasi uni tasdiqlash jarayonini to‘xtatgan.

Shu munosabat bilan Markaziy bank mavjud ramzni takomillashtirish yoki yangisini ishlab chiqish variantini ko‘rib chiqmoqda.

“Biz hozir bu masalani qanday hal qilish, ushbu ramzni takomillashtirishni davom ettirish yoki ramz [so‘m] tanlash uchun yangi tanlov e’lon qilish haqida o‘ylayapmiz. Qaror qabul qilganimiz yo‘q”, — dedi Nurmuratov.

2022-yilning fevralida Markaziy bank tomonidan o‘zbek so‘mining ramzini yaratish bo‘yicha tanlov e’lon qilingandi. Grafik ishlar va konsepsiyalar 31-maygacha qabul qilingan.

Tanlov natijalariga ko‘ra, Sarvar Jumangeldiyev g‘olib bo‘lib, uning ishi hay’at a’zolari tomonidan so‘mning o‘ziga xos timsolini yorqin ifoda etgan eng kreativ ishlab chiqilgan grafik belgi deb topildi.

Biroq, ko‘pgina internet foydalanuvchilari ushbu belgi patentlangan savdo belgilari, xususan In-Core Systèmes plagiati bo‘lishi mumkinligini taʼkidlashdi.

“Spot” milliy valyuta ramzi borasida ekspertlar bilan suhbatlashgandi.