“Poytaxt bank"ni xususiylashtirish bo‘yicha potensial investorlar bilan muzokaralar olib borilmoqda. Bu haqda Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov matbuot anjumanida ma’lum qildi, deb xabar berdi “Spot” muxbiri.

Regulyator rahbari 1-oktabr holatiga “AVO bank” (sobiq “O‘zagroeksportbank”), “Poytaxt bank”, “Hayot bank” va “Yangi bank"larning ustav kapitali eng kam miqdorga to‘g‘ri kelmaganini tasdiqladi. Joriy yilning sentabridan banklarning ustav kapitali 200 mlrd so‘mga oshirilishi belgilangan.

“Ushbu uchta bankda („Poytaxt bank“, „Hayot bank“ va „Yangi bank — Spot“) muayyan muammolar mavjud edi. Ular bizga oktabr oyining birinchi o‘n kunligida aksiyadorlardan [ustav kapitaliga] qo‘shimcha investitsiyalar kelishi haqida yozma majburiyatlarini bildirishdi, shu sabab ham, ular normal ishlay boshlashdi”, — dedi regulyator rahbari.

Shuningdek, “AVO bank"kka nisbatan kreditlar berish va depozitlarni qabul qilish bo‘yicha qo‘yilgan cheklovlar bankning regulyator bilan ustav kapitalini maqbul minimal darajaga yetkazish rejalarini taqdim etmagani bilan bog‘liqligi ta’kidlandi.

O‘z navbatida, Toshkent hokimligiga qarashli “Poytaxt bank"ga nisbatan sanksiyalar qo‘llanilmadi, chunki bank sotuvga qo‘yilib, hozirda “ma'lum strategik investorlar” bilan muzokaralar olib borilmoqda.

“Shahar hokimligining bankka 100 mlrd so‘mdan sal kam mablag‘ qo‘yganining nima keragi bor, ertaga sotamiz. Ushbu pozitsiyadan kelib chiqib, biz ushbu bank bo‘yicha bu talablarni qabul qilmadik”, — deya tushuntirdi Nurmuratov.

2021-yilning mart oyida “Poytaxt bank"ning 100% davlat ulushi savdoga chiqarildi. O‘sha yilning noyabrida hukumat bankning davlat ulushini sotish bo‘yicha qarori qabul qilindi.

Xususiylashtirishga tayyorgarlik ko‘rish doirasida uning ustav fondini 100 milliard so‘mga oshirish, bitimdan olingan mablag‘lar esa Toshkent shahar hokimligidan olingan budjet ssudalari va kreditlarini to‘lashga yo‘naltirilishi rejalashtirilgandi. Bank faoliyatini 2019-yilda boshlagandi.


Avvalroq Markaziy bank so‘m belgisi uchun yangi tanlov e’lon qilishi mumkinligi haqida xabar berilgandi. O‘tgan yili regulyator jamoatchilik tanqididan so‘ng g‘olib bo‘lgan ramzni tasdiqlash jarayonini bekor qilgandi.