Shavkat Mirziyoyev huzurida 26-oktabr kuni energetika bozori regulyatori faoliyatini samarali tashkil etish bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi.

Joriy yilning 28-sentabrdagi energetika sohasini isloh qilishga qaratilgan prezident farmoni qabul qilingandi.

Unga ko‘ra, 2026-yilga borib, elektr energiyasi talab va taklif asosida shakllanadigan erkin, ulgurji bozor ishga tushadi.

Shu bilan birga, normativ-huquqiy bazani shakllantirish, bozor infratuzilmasini yaratish, energetika tizimini eng quyi bo‘g‘iniga qadar raqamlashtirish, inson omilisiz real vaqtda ishlaydigan aqlli boshqaruv tizimini (SCADA) joriy etish zarur.

Ko‘plab davlatlarda bu islohotlar uchun 15 yil vaqt ketgan. Mamlakatda buni uch bosqichda, 2030-yilgacha yakunlash rejalashtirilgan.

Farmonga muvofiq, Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi tuzildi hamda unga energoregulyator vazifasi yuklatildi.

Taqdimotda energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov farmonda belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish muddatlari va sohadagi rejalar haqida axborot berdi.

Davlat rahbari mutasaddilarga mamlakatni elektr bilan ta’minlash konsepsiyasini ishlab chiqish bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berdi.

Bunda, erkin energetika bozoriga o‘tishning asosiy sharti elektr energiyasiga bo‘lgan talabni to‘liq ta’minlash uchun yetarli generatsiya quvvatlarini yaratish ekani alohida ko‘rsatib o‘tildi.

Shuningdek, yagona elektr savdosi platformasini yaratish va 2024-yil yakunigacha uni sinovdan o‘tkazib, ishga tushirish vazifasi qo‘yildi.

Prezident energetika bozorini erkinlashtirish jarayonida elektr energiyasini aholiga barcha hududlarda 2035-yilgacha bir xil narxda sotilishi talabiga hamda tariflarni belgilashda ijtimoiy himoya prinsipiga qat’iy rioya etish shartligini ta’kidladi.

Yangi tizim samarali ishlashi uchun quyidagi uchta yo‘nalishga alohida e’tibor qaratish zarurligi ta’kidlandi:

  • kadrlar tayyorlash;
  • tarmoqning ilm-fan bilan uzviyligini ta’minlash;
  • raqamlashtirishga.

Bunday kompleks ishlash tartibini markazdan tortib hududlargacha tatbiq etish topshirildi.

Shu bois agentlikka bilimli mutaxassis va xorijiy konsultantlar ishga olinadi. Xodimlar Ispaniya, Xitoy, Turkiya va Germaniyaga malaka oshirishga yuboriladi. Xorijiy tajriba asosida muhandis, dispetcher, SCADA operatori va boshqa mutaxassislarni tayyorlash uchun o‘quv kurslari tashkil qilinadi.

1-yanvargacha Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi faoliyati to‘g‘risidagi nizomni tayyorlash rejalashtirilgan. 2026-yildan agentlik tomonidan elektr energiyasini uzatish va taqsimlash tariflari hamda to‘lovlari miqdorlari tasdiqlanadi.

Bundan tashqari, 2030-yilgacha elektroenergetika sohasida bozor mexanizmlariga bosqichma-bosqich o‘tish konsepsiyasi tasdiqlanmoqda. U sanoatda raqobatni joriy etish va uning xususiy investitsiyalar uchun jozibadorligini oshirish maqsadida ishlab chiqilgan.

Mamlakatda 22ta elektr stansiyasi, jumladan, ilgari generatsiya bo‘lmagan viloyatlarda yangi stansiyalar ishga tushirildi. Elektr generatsiyasi tizimiga xususiy kapital jalb qilinmoqda.

Hozirgi kunda jami quvvatlar 85 mlrd kilovatt soatga yetgan. Kelgusi yillarda yana 20 gigavattlik quvvatlarni ishga tushirish mo‘ljallangan. $7 mlrd xususiy sarmoya evaziga 9 gigavatt quvvat yaratish rejalashtirilgan.

Elektr ishlab chiqarish hajmini kamida 120 mlrd kilovatt soatga yetkazish belgilangan. Yangi quvvatlarni ishga tushirish va tarmoqlarni to‘liq modernizatsiyalashga 52 mlrd investitsiya zarurligi hisob-kitob qilingan.


1-noyabrdan yirik maishiy elektr energiyasi iste’molchilari uchun to‘lovlar oshirilishi mumkin. Agar iste’mol oyiga 1000 kVt/soatdan ko‘p bo‘lsa, oshirilgan koeffitsient qo‘llaniladi.

Shuningdek, noyabrdan elektr energiyasi iste’moliga cheklovlar joriy etilishi ham mumkin. Hisoblagich orqali 10−15 kW quvvat doirasida cheklovlar belgilangan hududlarda zarur bo‘lgan vaziyatlarda qo‘llaniladi.