24−27 oktabr kunlari Toshkentda “ICT WEEK 2023” Axborot texnologiyalari haftaligi bo‘lib o‘tdi. Tadbir “CAEx” ko‘p funksiyali ko‘rgazma markazida, “IT Park” binosi va Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy kutubxonasida o‘tkazildi.
Forumning ochilish marosimida 120 ga yaqin davlatlardan ishtirokchilar qatnashdi. Ushbu tadbir 2022-yilda Samarqandda bo‘lib o‘tgan edi.
Forum doirasida tashkil etilgan “ICTEXPO” ko‘rgazmasida xalqaro yetakchi kompaniyalar bilan bir qatorda startap loyihalar ham ishtirok etdi. “Spot” mazkur loyihalarning bir nechtasi haqida qisqacha ma’lumot beradi.
Yagona portalning yangi funksiyalari
“Yagona portal” loyihasidagi yangi funksiyalar taqdim qilindi. Platformaning yangilangan versiyasidagi funksiyalarni taqdimot qilindi. Unga ko‘ra quyidagicha funksiyalar yo‘lga qo‘yilgan:
- Portalning yangicha dizayni bo‘lib, endilikda onlayn xizmatlarni tez va sifatli amalga oshirishda kengroq imkoniyat yaratadi;
- Ovozli yordamchi “Muxlisa” sun’iy intellekti — axborot texnologiyalaridan yetarlicha foydanala olmaydigan mijozlar uchun va ko‘rish imkoniyati cheklangan foydalanuvchilar uchun matn ma’lumotlarni ovozli tarzda eshitishga yordam beradi;
- MyID biometrik indentifikatsiyasi mijozning yuz qiyofasi yordamida platformaga kirish va xizmatlardan foydalanish imkoniyatini beradi;
- Xabarnoma funksiyasi barcha hayotiy holatlar haqida foydalanuvchiga eslatib turadi;
- Qayta aloqa — shaffoflik tizimi, ya’ni xizmatdan foydalangach mijoz o‘z fikrini qoldirish funksiyasining ishga tushirilishi.
Uzpostdan “Bir Qadam” xizmati
“O‘zbekiston pochtasi” tomonidan taqdimoti o‘tkazilgan “Bir Qadam” loyihasida, jo‘natmalarni Toshkent shahri va viloyat markazlariga 1 kunda yetkazib berish xizmati yo‘lga qo‘yilganligi aytib o‘tildi. Bu esa vaqtni tejash natijasida pochtalarni tez va ishonchli yetkazib berishni ta’minlaydi.
Xizmat narxi 1 kg gacha 15 ming so‘mni tashkil etadi. Termiz, Nukus, Urganch yo‘nalishlariga jo‘natilgan pochtalar uchun 7 ming so‘mdan, qo‘shimcha har bir kilo uchun 3 ming so‘mdan narxlar kelib chiqadi.
Jo‘natish vaqti esa ish vaqti yakunidan boshlab hisobga olinadi. Shuningdek, vazni 20 kilogrammdan ortiq va taqiqlangan buyumlarni jo‘natib bo‘lmaydi.
Talabalar kartasi
Aloqabank tomonidan “Barchasi bir kartada” loyihasi taqdim etildi. Ushbu karta talaba guvohnomasi, ta’lim muassasasi va yotoqxonaga kirish ruxsatini beruvchi karta, xalqaro va mahalliy to‘lovlarni amalga oshiruvchi bank kartasi, transport kartasi, kutubxonalarga kirish va xizmatlardan foydalanish uchun karta vazifasini bajaradi.
Ushbu loyiha hozirda Toshkent moliya instituti va Toshkent Axborot texnologiyalari universitetlarida sinovdan o‘tkazilmoqda.
Metrolarda “Handpay” orqali to‘lash
Rossiyaning “VisionLabs” kompaniyasi bilan hamkorlikda Toshkent metropoliteni bekatlarida yo‘lkirani qo‘lni skanerlash orqali to‘lasa bo‘ladigan tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda “ATTO” to‘lov tizimi vakili ma’lum qildi.
“Biz bugun ko‘rgazmada Handpay tizimini namoyish etmoqdamiz. Bunda mijozlar skanerga qo‘lini ko‘rsatishi orqali to‘lovni amalga oshirishlari mumkin. Bu xizmatdan foydalanish uchun ilovamizga FacePay ma’lumotlarni kiritish kerak bo‘ladi, u esa hozirgi kunda Buyuk ipak yo‘li metro bekatida sinov tariqasida ishlamoqda. Shu bilan bir paytda aholining yangi tizim borasidagi fikrlari hamda takliflari o‘rganilmoqda”, — dedi kompaniya bosh mutaxassisi Otabek Alimov.
Ushbu yangi to‘lov tizimi Facepay tizimi barcha metro bekatlarini 100% qamrab olgach, odamlar o‘rganganidan so‘ng boshlanishini qayd etildi. Foydalanish haqida ham yo‘riqnomalar ishlab chiqiladi.
Subscriber control TMB
O‘zTTBRM tomonidan tadbirda “MNP Uzbekistan”, “Subscriber control”, “UZIMEI” loyihalari namoyish qilindi. Aynan, “Subscriber control” (Abonent nazorati) loyihasida moslashtirilgan monitoring hodisalari orqali real vaqt rejimida shubhali obunachilarni aniqlash, firibgarlikka qarshi kurashish uchun tashqi tizimlarga buyruqlar yuborish: bloklash, kirishni cheklash, xabardor qilish, aloqa operatorlari, moliyaviy tashkilotlar va tartibga soluvchi organ o‘rtasidagi o‘zaro hisob-kitoblar uchun statistik ma’lumotlarni to‘playdi.
Shuningdek, jshshr va abonent raqami bir shaxsga tegishli ekanligini tasdiqlash mumkin. Muddatli to‘lovga olingan qurilmalar, to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirilmasa, tizim, banklar va sotuv tarmoqlariga qurilmaning ma’lum bir qismini bloklash huquqini beradi.
Plug and Play
Dunyo miqyosida 40ta ofisga ega AQShning “Plug and play” kompaniyasi O‘zbekistonda 2022-yildan o‘z faoliyatini boshlagan edi. Bu yil ham ko‘rgazma doirasida ushbu innovatsion startaplar, investorlar va soha rahbarlarini birlashtiruvchi platforma taqdimot qilindi.
Tadbirda Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov hamda Plug and Play Tech Center hamkori Sasha Karimpur ham ishtirok etdi. Platformada EXPO yarmarkasi, 1 daqiqalik Pitch Sessiyalari, FoundHER dasturi, Netvorking imkoniyatlari singari yangiliklar aytib o‘tildi.
Shuningdek, ko‘rgazmasining rasmiy ochilish tadbiri davomida “President Tech Award” startap tanlovi g‘oliblari taqdirlandi. Natijalarga ko‘ra, g‘oliblikni Rammstein Theorem jamoasi a’zolari Maftuna Ziyamova, David Alkamyan, Yasmina Ablayeva va Azam Behruzlar qo‘lga kiritdi.
Ular sog‘liqni saqlash sohasida raqamli texnologiyalar yo‘nalishida “Sog‘ Bo‘l” loyihasini ishlab chiqishgan. Jamoa xakatonda ishlab chiqilgan loyihani takomillashtirish va amalga oshirishga yordam beradigan $100 ming miqdoridagi grantga ega bo‘ldi.