Oktabr oyi boshida Raqamli texnologiyalar vazirligi O‘zbekistonda IMEI-kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazishni soddalashtirish bo‘yicha hukumat qarori loyihasini ishlab chiqqani ma’lum qilingandi.
Vazirlik 27-oktabr kuni “ICTWeek” haftaligi doirasida mazkur hujjat qabul qilinganini ma’lum qildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi. Unga ko‘ra, aholi hamda xorijiy fuqarolar uchun mobil qurilmalarini ro‘yxatdan o‘tkazishda qulaylik yaratilmoqda.
Endilikda fuqarolar xorijdan o‘zi bilan olib kirgan ikkitagacha telefonni bojxona to‘lovlarisiz ro‘yxatdan o‘tkazishi mumkin bo‘ladi. Oldin faqat bitta telefonni bojxona to‘lovlarisiz ro‘yxatdan o‘tkazishga ruxsat berilgandi.
Shuningdek, telefonlarni ro‘yxatga olishda fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlaridan o‘zga shaxslar tomonidan foydalanish imkoniyatilariga barham beriladi.
Telefonlarni UZIMEI tizimida ro‘yxatga olishda Face-ID tizimi joriy etildi. Bu orqali aholi ma’lumotlaridan o‘zgalar foydalanishining oldi olinadi.
Mazkur texnologiya yordamida fuqaro o‘ziga tegishli mobil qurilmalarni ro‘yxatga olishda biometrik ma’lumotlaridan foydalangan holda onlayn tarzda amalga oshiradi.
Bunda, IMEI kodlarini ro‘yxatga olishni rasmiy sayt, Yagona portal va uning mobil ilovasi hamda tizim ro‘yxatga oluvchilariga murojaat qilgan holda biometrik identifikatsiya orqali amalga oshirish mumkin.
Bu texnologiya fuqaroning bevosita ishtirokida mobil qurilmalarni ro‘yxatga olish imkoniyatini yaratadi hamda bu orqali ularning huquqlarini himoya qilish va noqonuniy ro‘yxatga olish holatlarining oldini olishga asos bo‘ladi.
Xorijdan tashrif buyuruvchilar uchun mobil qurilmalarni ro‘yxatdan o‘tkazmasdan foydalanish davri amaldagi 30 kundan 60 kungacha uzaytirildi.
Shu bilan birga, fuqarolar tomonidan har bir olib kirilayotgan mobil qurilma bojxona chegarasini kesib o‘tishda deklaratsiyalanishi hamda deklaratsiya natijasi bo‘yicha mobil qurilmalarni ro‘yxatga olish tizimiga integratsiya qilinishi qonuniy olib kirilishiga asos bo‘ladi.
Bu bilan noqonuniy xatti-harakatlarning oldi olinishiga erishiladi. Natijada fuqarolar o‘zi bilan olib kirgan qo‘shimcha ikkinchi mobil qurilmani UZIMEI tizimida muammosiz ro‘yxatdan o‘tkazishi mumkin bo‘ladi.
O‘zbekistonda mobil qurilmalarni ro‘yxatga olish tizimi 2019-yildan joriy qilingan. O‘sha yilning sentabrida hukumat qarori bilan uning tartibi belgilandi.
Oradan ikki yil o‘tib, 2021-yilning yanvarida IMEI kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi o‘zgartirildi. U bilan O‘zbekiston hududida mobil qurilmalar chakana savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar mobil qurilmalarni mamlakatga olib kirish sanasidan qat’i nazar, ro‘yxatdan o‘tkazish uchun javobgar qilib belgilandi.
Undan keyin, 2021-yilning avgustiga borib, “UZTELECOM” aloqa operatori barcha mobil qurilma foydalanuvchilariga IMEI-kodlar bilan bog‘liq muammoni yechishga ko‘mak berishini ma’lum qildi.
Joriy yilning fevral oyida Toshkent shahar IIBB O‘zbekistonda mobil qurilmalarning identifikatsiya kodlarini (IMEI) ruxsatsiz o‘zgartirganlik uchun jinoiy javobgarlikka tortish yuzasidan tegishli normalarga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqilayotganini ma’lum qilgandi.
Sentabr oyida Qonunchilik palatasi IMEI kodni yoki abonent qurilmasining identifikatsiyalash modulini qonunga qarshi tarzda o‘zgartirganlik yoki uning nusxasini ko‘chirganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilash qonun loyihasini ko‘rib chiqib, tasdiqlash uchun Senatga yubordi.