Adliya vazirligi atrof-muhitni, aholi salomatligini zararli shovqinlar va yoqimsiz hidlar ta’siridan muhofaza qilish sohasini takomillashtirishga qaratilgan prezident farmoni loyihasini ishlab chiqdi.
Amaldagi sanitariya qoidalari va me’yorlarida ayrim shovqinlarga oid normalar belgilangan. Biroq, yorug‘lik shovqinlari va hidlar bo‘yicha sanitariya qoidalari va me’yorlari mavjud emas.
Masalan, sanitariya qoidalari va me’yorlarida elektron displeyli (led, oled, 3D) tashqi reklama obyektlarining yorug‘lik me’yorlari belgilanmagan hamda undagi yorqin ranglarning inson sog‘ligiga salbiy ta’siri, namoyish etish davriyligi bo‘yicha normativlar keltirilmagan.
Loyihada zararli shovqinlar va yoqimsiz hidlarni atrof-muhitga va aholi salomatligiga bevosita zarar yetkazuvchi zararli manbalar deb belgilash taklif etilmoqda. Shuningdek, vaqtlar quyidagicha belgilanishi mumkin:
- soat 23:00dan 06:00gacha bo‘lgan vaqt — “Tungi vaqt”;
- ish kunlarida soat 23:00dan soat 07:00gacha hamda dam olish va bayram kunlarida soat 21:00dan soat 08:00gacha bo‘lgan vaqt — “shovqinsiz davr”.
2024-yildan tungi vaqt va shovqinsiz davr mobaynida turar joylarda va aholi punktlarida tashqi va ichki manbalardan ruxsat etilgan shovqin darajasidan ortig‘ini hosil qilish, lekin aholiga sezilarli notinchlik tug‘diruvchi doimiy yoki doimiy bo‘lmagan shovqinlarni chiqarish taqiqlanadi.
Shuningdek, aholi punktlarida quyidagi harakatlar ham taqiqlanishi mumkin:
- daraxt kesuvchi, maysa va o‘tlarni o‘ruvchi, avtomototransport vositalari, avtomatik ravishda yuvuvchi elektr va benzin dvigatellar yordamida ishlaydigan moslamalardan foydalanish;
- avtomototransport vositalari, shu jumladan, tezkor va maxsus xizmatlarning ko‘k yoki qizil yoxud ko‘k va qizil rangli yalt-yalt etuvchi mayoqchalar yoqilgan transport vositalari tomonidan tovush chiqarish moslamalaridan foydalanish;
- ochiq osmon ostida ko‘ngilochar-tomosha tadbirlarini (musiqiy, konsert, sport, reklama va boshqalar) o‘tkazish;
- yakka tartibdagi uy-joy va ko‘p kvartirali uylarda qurilish va ta’mirlash ishlarini amalga oshirish.
Lekin oxirgi bandda avariya holatlarini bartaraf etish holatlari mustasno (elektr, gaz, issiqlik hamda ichimlik suvi ta’minoti bilan bog‘liq, shuningdek, fuqarolarning hayoti, sog‘lig‘i yoki mulkiga xavf-xatar tug‘dirishi mumkin bo‘lgan boshqa favqulodda holatlar).
“Zararli shovqinlar va yoqimsiz hidlar yagona geoaxborot portali” tizimi yaratilib, mas’ul xodimlarni undan foydalanish bo‘yicha o‘qitish hamda hidlar va yorug‘lik shovqinlari bo‘yicha sanitariya normalari va qoidalarini ishlab chiqish va tasdiqlash belgilanmoqda.
Atmosfera havosi ifloslanishini oldini olish maqsadida bino va inshootlarni qurish, ta’mirlash va buzish ishlarida changning chiqishi va atrof-muhitga tarqalishini oldini olish imkonini beradigan suvni purkaydigan (mikroklimat) texnologiyalarini joriy etish choralari ko‘riladi.
Avvalroq madaniy meros obyektlari hududiga plastik mahsulotlarni olib kirishni taqiqlash bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqarilgandi. Buning uchun fuqarolar 8,25 mln so‘mgacha, mansabdor shaxslar esa 9,9 mln so‘mgacha jarimaga tortilishi mumkin.