Avvalroq Raqamli texnologiyalar vazirligi oktabr oyi oxirida “mobil qullik"kka barham berilishini ma’lum qilgandi.
Endilikda mobil aloqa abonentlari o‘z mobil raqamlarini saqlagan holda istalgan mobil aloqa operatori xizmatlaridan foydalanishlari mumkin bo‘ladi.
27-oktabr kuni “ICTWeek” haftaligi doirasida O‘zbekiston mobil aloqa tarmoqlarida abonent raqamini ko‘chirish xizmati (MNP) ishga tushirildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Xizmat mobil aloqa operatorlari o‘rtasida sog‘lom, ijobiy raqobatni kuchaytirish bilan birga ular tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatining oshishiga olib keladi, deyiladi xabarda.
Abonentlar mobil aloqa operatorlarining xizmat ko‘rsatish sifatiga qarab istalgan kompaniyani tanlashi mumkin. Bu jarayonda mobil aloqa abonentlariga ular boshqa operatorga ko‘chganda o‘z abonent raqamini saqlab qolish imkoniyati taqdim etiladi.
Bu raqam yo‘qotilishining oldini oladi hamda aloqa operatorlari tomonidan raqam resurslaridan yanada oqilona foydalanilishiga xizmat qiladi.
Dastlabki bosqichda aholi o‘zi o‘tishni xohlagan mobil aloqa operatori ofisiga tashrif buyurgan holda murojaat etadi hamda mobil raqami ko‘chirilgan yangi sim kartani olib ketadi.
Hozirgi kunda O‘zbekistonda Beeline, Mobi.uz, Ucell, UZTELECOM, Humans kabi 5ta mobil aloqa operatori tomonidan mobil aloqa xizmatlari ko‘rsatib kelinmoqda.
Agar xizmatdan foydalanib, mobil aloqa operatori o‘zgartirilsa, ko‘chirilgan raqamlar o‘z shaklini va ko‘rinishini saqlab qoladi.
“Mobil qullik"ni bekor qilish bir necha yillardan buyon rejalashtirilib kelinmoqda. 2019-yilda Axborot texnologiyalari vazirligi MNP (Mobile number portability) mobil operatorlar o‘rtasidagi raqobatni rag‘batlantirish va aloqa sifatini yaxshilashga yordam berishini ta’kidladi.
2018-yili raqamni ko‘chirish tartibi bayon qilingan loyiha jamoatchilik muhokamasiga taqdim etildi. Keyin xizmatni pullik qilish, shuningdek, uni har 180 kunda bir marta cheklash taklif qilindi.
Operatsiya tafsilotlari telekommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatish qoidalarining yangi tahririga kiritilmagan — unda faqat abonentlarning operatorlar o‘rtasida almashish paytida o‘z telefon raqamlarini qoldirish huquqi ko‘rsatilgan.
Biroq, uni amalga oshirishga infratuzilma va jihozlarning yetishmasligi to‘sqinlik qildi. 2021-yilning noyabr oyida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi bu muammoni yaqin orada hal qilishga va’da bergandi.
2022-yilning oktabr oyida Axborot va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi rahbari Sherzod Shermatov “mobil qullik"ni bekor qilish bo‘yicha texnik yechim tayyor bo‘lgani, biroq raqamlarni ko‘chirishni yo‘lga qo‘yish xavfsizlik bilan bog‘liq ayrim muammolar tufayli to‘sqinlik qilgani haqida xabar bergandi.