Yil boshidan buyon Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan 31 ming 470 nafar O‘zbekiston fuqarosi xorijga ishlash uchun jo‘natilgan, deya xabar berdi agentlik matbuot kotibi Ortiqxo‘ja Norov.
Ayni paytda Qozog‘iston, Rossiya, Turkiya, Janubiy Koreya, Yaponiya, Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqining 6 ta davlati ish beruvchilari tomonidan tashkillashtirilgan ishga qabul qilish amalga oshirildi. Shuningdek, agentlik 19 davlatning tashkilot va kompaniyalari bilan hamkorlik shartnomalari tuzdi.
Tashkiliy yollash bo‘yicha ishchilarning aksariyati Rossiyaga yuborildi. To‘qqiz oy davomida u yerdan ish beruvchilar 23 ming nafar O‘zbekiston fuqarosini jalb qildi, bu 2022-yilning shu davriga nisbatan 9,5%ga ko‘p.
Shu bilan birga, “TACC” ta’kidlaganidek, tashkiliy ishga qabul qilish O‘zbekistondan mehnat migratsiyasining kichik qismini tashkil etadi. Har yili mamlakatning 2 mlndan ortiq fuqarosi ishlash uchun chet elga ketadi, ularning aksariyati Rossiyada ishlaydi.
Rossiya Ichki ishlar vazirligining statistik ma’lumotlariga ko‘ra, yilning birinchi yarmida 1,89 mln O‘zbekiston fuqarosi migratsiya ro‘yxatidan o‘tgan.
Ulardan 1,67 mln kishi ish maqsadini ko‘rsatgan, yana 21,6 ming nafari o‘qish uchun, 3,5 ming nafari esa biznes maqsadida kelgan.
Norov O‘zbekiston fuqarolari turli mamlakatlarda eng ko‘p ishlayotgan sohalar haqida ham to‘xtalib o‘tdi:
- Rossiya, Turkiya, Germaniya, Polsha, Latviya, Ruminiya, Bolgariyada — tibbiyot, qurilish, sanoat, avtomobil haydash;
- Litvada — yuk tashish, qurilish;
- Buyuk Britaniyada — qishloq xo‘jaligi, go‘sht sanoati, mashinasozlik;
- Yaponiyada — tibbiyot, mehmonxona va restoran sektorlari, avtomobil qismlari ishlab chiqarish.
Avgust oyida “Vedomosti” o‘zbek diasporasi rahbari Baxrom Ismoilovga tayanib, o‘zbek muhojirlarining salmoqli qismi Rossiyani tark etish haqida o‘ylayotganini yozgan edi. Asosiy sabab rublning qadrsizlanishi tufayli daromadning kamaygani aytildi.
Avvalroq “Spot” Rossiyada migrantlarning ayrim sohalarda ishlashiga cheklov qo‘yilishi mumkinligi haqida yozgandi.
Deputatlar xorijliklarning kasalxona, dorixona, maktablar hamda taksida ishlashlarini taqiqlovchi qonun loyihasini ishlab chiqishdi.