Gruziyadan Samarqandga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilmoqda, deya xabar berdi Transport vazirligi matbuot xizmati.

Transport vaziri Ilxom Maxkamov Gruziyaga tashrifi davomida mamlakat Bosh vaziri o‘rinbosari-iqtisodiyot va barqaror rivojlanish vaziri Levan Davitashvili bilan uchrashdi.

Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasida transport-logistika sohasidagi aloqalarning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari muhokama etildi.

Xususan, tomonlar O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasidagi muntazam aviaqatnovlar sonini oshirish, yangi yo‘nalishlarda parvozlarni yo‘lga qo‘yish yuzasidan fikr almashdi.

Ilxom Maxkamov Gruziyadan Samarqandga aviaqatnovlarni tashkil etish bo‘yicha bildirgan taklifini qo‘llab-quvvatladi.

Muzokaralar davomida Levan Davitashvili Gruziyaning Qora dengiz sohillarida o‘zbek tadbirkorlari ishtirokida port va terminallar qurilishida barcha sharoitlarni yaratishga va mavjud portlardan samarali foydalanishda amaliy yordam berishga tayyorligini ma’lum qildi.

Shuningdek, tomonlar xalqaro tashuvlarni amalga oshirishda ruxsatnoma blankalarini ayirboshlash hajmini oshirishga kelishdi.


Avvalroq “Spot” Turkiyaning “Sunexpress” aviakompaniyasi Izmirdan Samarqandga parvozlarni boshlashi haqida yozgandi.

Aviaqatnov joriy yilning 12-noyabridan boshlanib, haftasiga uch marta — dushanba, payshanba va shanba kunlari amalga oshiriladi.