Riga shahrida O‘zbekiston konsulligi ochildi, deya xabar berdi “Dunyo” nashri.
27-oktabr kuni Rigada elchi Qadambay Sultonov, Latviya Tashqi ishlar vazirligi davlat kotibi o‘rinbosari Anjeys Vilumsons hamda davlat idoralari va biznes vakillari ishtirokida mazkur konsullikning ochilishiga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi.
Rigadagi O‘zbekiston Savdo uyi rahbari, “Outdoor Media” kompaniyasi asoschisi va direktori Vladimir Galperin O‘zbekiston konsuli etib tayinlandi. Tadbirda unga tegishli konsullik patenti topshirildi.
Qayd etilishicha, bu O‘zbekistonning Baltiyadagi birinchi konsulligi hisoblanadi hamda yangi konsul mehnat migratsiyasini tartibli tashkil etish, madaniy-gumanitar va boshqa aloqalarni rivojlantirishga ko‘maklashadi.
Shuningdek, konsul Latviyadagi o‘zbekistonliklar huquq va manfaatlarini himoya qilishga ko‘maklashish, iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, latviyalik sarmoyadorlar va sayyohlarni mamlakatga jalb etish, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni Latviya va boshqa Baltiya davlatlari bozorlariga eksportini ko‘paytirishda ishtirok etadi.
Avvalroq “Spot” Vladimir Galperin bilan intervyuni taqdim etgandi. O‘zbekiston Savdo uyi rahbari YeI davlatlaridan birida biznesni qanday ochish mumkinligi, bu mamlakat mahalliy tadbirkorlarni nimasi bilan o‘ziga tortishi, latviyaliklarni O‘zbekistonda nima qiziqtirishi va qanday kamchiliklar borligi haqida so‘zlab bergandi.
Qayd etilishicha, mamlakatda chet elliklar tomonidan biznesni ro‘yxatdan o‘tkazishda hech qanday cheklovlar yo‘q — vakillik ochish yoki kompaniyani ro‘yxatdan o‘tkazish oson va arzon.
Joriy yilning mart oyida Toshkentda Latviya Investitsiyalar va taraqqiyot agentligining vakolatxonasi ochilishi ma’lum bo‘lgandi. Farmatsevtika, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, to‘qimachilik sanoati, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari etib belgilangan.