Joriy yilning yanvar-sentabr oylarida O‘zbekistonda elektron xizmat ko‘rsatuvchi kompaniyalar qancha soliq to‘lagani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi ma’lumotlarida keltirilgan.
Unga ko‘ra, mamlakatdagi jami 52ta xorijiy kompaniya tomonidan to‘langan soliqlar 48,3 mlrd so‘mni tashkil etdi. Natijada, ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,5 barobarga oshgan.
O‘tgan davrda kompaniyalar tomonidan xizmatlar hajmi 440,8 mlrd so‘mni tashkil etdi. O‘tgan yilga nisbatan o‘sish esa ikki barobar ko‘p.
Bunda, to‘langan soliqlarning 97%i elektron xizmatlar ko‘rsatuvchi 10ta xorijiy kompaniya hissasiga to‘g‘ri keladi.
To‘qqiz oyda eng ko‘p soliq to‘lagan kompaniya “Meta” bo‘ldi. Kompaniya tomonidan to‘langan soliqlar 18,7 mlrd so‘mni tashkil etdi. O‘z navbatida, xizmatlar hajmi 164,4 mlrd so‘mga teng.
Undan keyingi eng yuqori soliq to‘lovchi kuchli uchlikni 14,9 mlrd so‘m bilan “Google” hamda 9 mlrd so‘m bilan “Apple” kompaniyalari egalladi.
O‘zbekistonda eng ko‘p soliq to‘lovchi Top-10ta xorij kompaniyalar ro‘yxati:
Xorijiy kompaniyalar | To‘langan soliq miqdori |
Meta | 18,7 mlrd so‘m |
Google | 14,9 mlrd so‘m |
Apple | 9 mlrd so‘m |
Вooking.соm | 1,2 mlrd so‘m |
Netflix | 916,7 mln so‘m |
Xsolla | 613,7 mln so‘m |
Yandex | 476,4 mln so‘m |
Adobe Systems | 326,5 mln so‘m |
Microsoft | 326 mln so‘m |
Activision | 310,4 mln so‘m |
Joriy yilning birinchi choragida xorijiy kompaniyalar tomonidan to‘langan soliqlar hajmi 32,4 mlrd so‘mni tashkil etgandi. Natijada, uch oyda to‘langan soliqlar qariyb bir yarim barobarga oshgan.
Bu safar, Top-10talikda “Paddlе.сom” hamda “LinkedIn” kompaniyalarini ortda qoldirib, “Microsoft” hamda “Activision” qo‘shildi.
“Yandex Go” O‘zbekistonda yuridik shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tgani ma’lum bo‘ldi. Joriy yilning 1-dekabrigacha axborot xizmatini mamlakat ichida mahalliylashtirish ham rejalashtirilgan.
Oktabr oyi boshida Soliq qo‘mitasi “Yandex Go"dan O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tish va soliqlarni to‘lashni talab qilgandi.