Hukumatning milliy “yashil” iqtisodiyot taksonomiyasini tasdiqlash to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi.

2030-yilgacha O‘zbekistonda “yashil” iqtisodiyotga o‘tish va “yashil” o‘sishni ta’minlash bo‘yicha harakatlar rejasiga muvofiq bu turdagi faoliyatni tasniflash uchun mazkur taksonomiyani ishlab chiqish belgilangan.

“Yashil” loyihalar taksonomiyasi — barqaror rivojlanishga ko‘maklashadigan va tabiiy resurslardan samarali foydalanishni oshirishga, atrof-muhitga salbiy ta’sir darajasini pasaytirishga va energiya tejamkorligini oshirishga yo‘naltirilgan iqtisodiy faoliyat turlari, loyihalar va aktivlarni tasniflash tizimi.

Hujjat bilan “Yashil” iqtisodiyot asosiy yo‘nalishlarining toifalarini belgilash hamda “yashil” turdagi faoliyatni tasniflash asosida muvofiqlik mezonlarini baholashni nazarda tutuvchi Milliy “yashil” iqtisodiyot taksonomiyasi tasdiqlandi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi uni joriy etish va muvofiqlashtirish bo‘yicha mas’ul ijro etuvchi hokimiyat organi etib belgilandi.

2024-yilning 1-oktabrigacha “yashil” obligatsiyalar va kreditlar hamda boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladigan “yashil” turdagi loyihalarni tasniflash tajriba tarzida Milliy “yashil” iqtisodiyot taksonomiyasi orqali amalga oshiriladi.

Shuningdek, davlat moliyaviy ko‘magidan foydalangan barcha tadbirkorlar, jumladan, xususiy va davlat ishtirokidagi xo‘jalik birlashmalarining investitsiyaviy xarajatlari mazkur taksonomiya asosida tasniflanadi.

Milliy “yashil” iqtisodiyot taksonomiyasi quyidagi 7ta toifaga bo‘lingan:

  • suv va xom-ashyolardan foydalanish samaradorligi;
  • havo va tuproq sifatini yaxshilash;
  • barqaror qishloq va o‘rmon xo‘jaligi, ekoturizm;
  • yashil transport;
  • energiya samaradorligini oshirish;
  • qayta tiklanuvchi energiya;
  • yashil binolar.

Ular ham o‘z navbatida turli sektorlarga bo‘lingan.


Avvalroq hukumat qarori bilan issiqxona xo‘jaliklari va meva-sabzavotlarni eksport qiluvchilarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari tasdiqlangandi.