Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev poytaxt avtobuslarida tekin yo‘l haqini qilish, lekin shaharning markaziy qismiga kirishda haydovchilardan pul undirishni taklif qildi. Bu haqda deputat “X” ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida yozgan.
Doniyor G‘aniyev bu hozirgi hisob-kitobda shahar hokimiyatiga yiliga qo‘shimcha 300 mlrd so‘mga tushishi mumkinligi haqida aytgan.
Uning qayd etishicha, bu pullarni shahar markaziy qismiga kiradigan moshinalarga kunlik soliq solish orqali qoplasa bo‘ladi.
“Deylik kuniga $1. Agar shaharda 500 ming mashinadan kuniga 20%, 100 mingi shahar markazida harakatlansa, kuniga $100 ming”, deb yozgan deputat.
Uning ta’kidlashicha, odamlarda avtobusdan ko‘proq foydalanishga, mashinadan kamroq foydalanishga rag‘bat bo‘ladi. Probkalar kamayadi, yo‘l harakati sal tartibga keladi.
“Albatta bu taklif ishlashi uchun birinchi navbatda transport xizmati faoliyati, hisob-kitobi 100% ochiq va shaffof bo‘lishi kerak”, deydi u.
Qo‘shimcha samarasizlik va o‘g‘rilikka yetaklamasligi kerak. Operatsion xarajatlarni qisqartirish hisobiga haydovchilar oyligini oshirishga ham imkon bo‘ladi.
Avvalroq “Spot” Toshkentda jamoat transportida yo‘l haqi 1-noyabrdan oshirilishi haqida yozgandi.
Unga ko‘ra, bir yo‘lovchi qatnovi uchun cheklangan tariflar naqd pul va bank kartalarti orqali 2000 so‘m, ATTO transport kartalari orqali to‘lov uchun esa 1700 so‘m etib belgilanmoqda.