Shavkat Mirziyoyev 30-oktabr kuni Toshkentda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish, transport infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Davlat rahbari jarayonlar bilan tanishuvni Toshkent xalqaro aeroportiga olib boruvchi yo‘l o‘tkazgichdan boshladi. Bu ko‘prik Bobur ko‘chasi bo‘ylab Kichik halqa yo‘li va temir yo‘l ustidan o‘tadi.
Avtomobillar qatnoviga qulaylikni oshirish maqsadida bu yerda avvalgi ko‘prikka yondosh yana bir estakada qurilmoqda. U yig‘ma monolit uslubida bo‘lib, sifat talablariga javob berishi ta’kidlanmoqda.
Qurilish yakunlangach, ko‘prikning eni 46 metrga yetadi. Bir kecha-kunduzda 20 mingta transportni o‘tkazish qobiliyatiga ega bo‘ladi. Ilgari bu ko‘rsatkich 9−10 ming atrofida edi.
Ko‘prik yonida 2ta aylana, 4ta yoysimon shakldagi chiqish-tushish yo‘li barpo etilmoqda. Bu qayrilib olish xavfini yo‘qotib, boshqa yo‘llardagi harakatga qo‘shilishni osonlashtirishi qayd etilgan. Shuningdek, ko‘prik ustida piyodalar va velosipedlar yo‘laklari ham kengaytirildi.
Prezident bu yerdagi qurilish jarayoni bilan tanishdi. Tutash yo‘llarda ham piyodalar va avtomobillar harakatiga qulayliklarni oshirish, atrofni ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Umuman, uch yillik rekonstruksiya ishlari natijasida poytaxt aeroportining jo‘nab ketish terminali maydoni 56 ming kvadrat metrdan 80 ming kvadrat metrgacha kengaydi.
Ayni kunlarda yana bir xalqaro terminal rekonstruksiya qilinmoqda. Loyihaga ko‘ra, binoning tashqi va ichki ko‘rinishi milliy tusda pardozlanadi, kirish-chiqish yo‘laklari kengaytiriladi. Mehmonlarni kutib olish va ularga xizmat ko‘rsatish uchun qulayliklar oshiriladi. Shuningdek, terminalga yondosh hududlar obodonlashtiriladi.
Toshkent xalqaro aeroporti oldidagi ko‘prikni rekonstruksiya qilish ishlari 2024-yilning dekabrigacha yakunlanishi rejalashtirilgan.
Avvalroq Toshkent aeroporti yaqinidagi ko‘prik orqali avtobus va yuk mashinalarining harakatlanishiga cheklov o‘rnatilgandi. Undan keyin vaqtinchalik bepul mikroavtobus harakati yo‘lga qo‘yilib, 3M-sonli 2ta mikroavtobus Xalqaro aeroport bekati bilan Yakkasaroy TIIB bekati oralig‘ida harakatlanadi.