Rossiyaning “Pobeda” loukoster aviakompaniyasi Moskvadan Samarqandga parvozlar chastotasini oshiradi, deya xabar berdi “Samarqand” xalqaro aeroporti matbuot xizmati.
Unga ko‘ra, aviaqatnov haftasiga 4tadan 7tagacha oshiriladi. Shu bilan birga, “Samarqand” aeroporti kuzgi-qishki parvozlar jadvaliga o‘tganini ma’lum qildi.
Xususan, “Air Samarkand” xususiy aviakompaniyasi tez orada parvozlarni amalga oshirishni boshlaydi.
“Uzbekistan Airways” aviakompaniyasining Samarqanddan Moskvaga haftalik reyslari soni 5 baravarga, Sankt-Peterburgga esa 3 barobarga oshiriladi.
Shuningdek, “Jazeera Airways” loukoster aviakompaniyasi qo‘shimcha aviaqatnovni joriy etadi hamda haftasiga 3 marta Quvaytdan Samarqandga parvozlarni amalga oshiradi.
Bundan tashqari, 30-oktabrdan Rossiyaning “Red Wings” aviakompaniyasi ham Qozondan Samarqandga parvozlarni boshlashi kutilmoqda.
Turkiyaning “Sunexpress” aviakompaniyasi esa 12-noyabrdan Izmirdan Samarqandga parvozlarni boshlaydi. Aviaqatnov joriy yilning 12-noyabridan boshlanib, haftasiga uch marta — dushanba, payshanba va shanba kunlari amalga oshiriladi.
Avvalroq Internetda “Air Samarkand” xususiy aviakompaniyasining birinchi samolyoti suratlari paydo bo‘ldi. Qayd etilishicha, hozirda aviakompaniya parki ikkita Airbus A321 va A330 samolyotlaridan iborat.