Ichimlik suv ta’minoti va oqova suv tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi prezident qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, “O‘zsuvta'minot” va uning tarkibidagi korxonalar negizida 2024-yilning 1-apreligacha alohida yo‘nalishlar bo‘yicha quyidagi aksiyadorlik jamiyatlari tashkil etiladi:
- hududiy magistral suv ta’minoti tashkilotlari;
- Qoraqalpog‘iston, viloyatlar va Toshkent shahrida hududiy ichimlik suv ta’minoti tashkilotlari.
2024-yildan ichimlik suv va oqova suvni chiqarib yuborish narxlari mahsulot tannarxiga kiritilgan xarajatlar, tizimni rivojlantirish, moliyaviy xarajatlar, soliqlar va majburiy to‘lovlardan kelib chiqib shakllantiriladi.
Yangi quriladigan ichimlik va oqova suv yo‘nalishidagi obyektlar va tizimlarni loyihalashtirishda mazkur hududning to‘liq qamrov darajasini inobatga olish talabi o‘rnatiladi.
2024−2026 yillarda ichimlik suv ta’minoti og‘ir bo‘lgan jami 813ta mahalla ichimlik suv bilan ta’minlanib, 124 693ta xonadonga ichimlik suv tarmoqlari uy xo‘jaligigacha yetkaziladi.
Shuningdek, 130ta aholi yashash punktlarida davlat ijtimoiy buyurtmalarini berish orqali ichimlik suv ta’minoti yo‘lga qo‘yiladi hamda 792 090ta iste’molchi ichimlik suv uchun hisoblagichlar bilan ta’minlanadi.
2024-yilning 1-iyulidan tajriba tarzida Kogon, Shirin, Yangiyer, Bekobod va Yangiyo‘l shaharlarida ichimlik va oqova suv ta’minoti DXSh asosida xususiy sektorga beriladi.
Avvalroq prezident hududlarda ichimlik suvi narxini pasaytirish bo‘yicha topshiriq bergandi. Narxlarni suv korxonalari ishlatadigan elektrning bir qismini yashil energiyaga o‘tkazish orqali pasaytirish mumkin.
Bundan tashqari, “Spot” Toshkent shahri va Toshkent viloyatida, Xorazm va Farg‘onada ichimlik va oqova suv xizmatlari uchun narxlar oshirilishi haqida yozgandi.