Prezident farmoni bilan ayrim normativ huquqiy hujjatlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Bu haqda “Huquqiy axborot” Telegram kanali xabar berdi.
Unga ko‘ra, jismoniy shaxslar qiymati 100 mln so‘mgacha bo‘lgan tayyor zargarlik buyumlarini yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini to‘ldirmasdan, 100 mln so‘m va undan ortiq bo‘lganlarini yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasi asosida O‘zbekiston bojxona hududidan tashqariga olib chiqishi mumkin.
Ilgari qiymati $5000dan ortiq bo‘lgan tayyor zargarlik buyumlarini yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini to‘ldirgan holda O‘zbekistondan tashqariga olib chiqishga ruxsat berilgan.
Shuningdek, hukumat qarori bilan tasdiqlangan nizomga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra;
- zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchi YATTlarga zargarlik buyumlarini yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini to‘ldirgan holda ma’lumotlarni Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimiga kiritmasdan O‘zbekiston bojxona hududidan tashqariga tijorat maqsadlarida olib chiqishga ruxsat beriladi.
Avvalroq “Spot” O‘zbekistonda zargarlik sanoatini rag‘batlantirish chora-tadbirlari haqida yozgandi.
Unga ko‘ra, mamlakatdan $10 minggacha bo‘lgan zargarlik buyumlarini eksport qilishga ruxsat beriladi.