Turizm qo‘mitasi hamda O‘zbekiston Xalqaro islom akademiyasi o‘rtasida turizmni rivojlantirish, jumladan ziyorat turizmi yo‘nalishini yangi bosqichga ko‘tarish borasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.

Unga ko‘ra, ziyorat turizmi sohasida kadrlar tayyorlash, bu yo‘nalishda xorijiy ekspertlar bilan uzviy munosabatlarni yo‘lga qo‘yish, ilmiy va ma’rifiy loyihalar amalga oshiriladi.

Qo‘mita mutaxassislari bilan birgalikda Akademiya talabalari ishtirokida ziyoratgohlar va turizm yo‘nalishlari bo‘yicha qo‘llanma hamda xaritalar ishlab chiqish bo‘yicha qator loyihalar amalga oshiriladi.

Shuningdek, hamkorlik asosida xalqaro elektron resurslar manbalari kontentini boyitish va ziyorat turizm yo‘nalishida baza yaratishga kelishib olindi.

Uchrashuv chog‘ida Xalqaro islom akadaemiyasi tomonidan O‘zbekistondagi 500 ga yaqin ziyoratgohlar to‘g‘risidagi to‘plam nashr etilganligi ma’lum qilindi.

Turizm qo‘mitasi tomonidan ushbu to‘plam turizm sohasidagi tadbirkorlik subyektlari orasida targ‘ib qilinishida amaliy yordam berishga kelishildi.


Avvalroq “Spot” Samarqandda xalqaro turizm akademiyasi ochilgani haqida yozgandi.

Akademiyaning ochilishi joriy yilning 20-oktabr kuni Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) sessiyasi doirasida o‘tkazildi. Unda Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov, Butunjahon turizm tashkiloti bosh kotibi Zurab Pololikashvili ishtirok etdi.

Turizm akademiyasi turizm sanoati va iqtisodiyot sohasini rivojlantirishga xizmat qiladigan malakali kadrlar sinfini shakllantirishga qaratilgan.