Frankfurt-Mayn sudi o‘tgan yilning kuzida musodara qilingan hujjatlar va mol-mulkni “USM” xoldingi asoschisi Alisher Usmonovga qaytarishni buyurdi. Bu haqda tadbirkor matbuot xizmatiga tayanib “RBC” xabar bermoqda.

Germaniya sudi nemis prokuraturasining rossiyalik milliarderga qarshi tergov harakatlari doirasida musodara qilingan mol-mulkni ushlab turishini noqonuniy deb topgan.

Tadbirkor vakilining aniqlik kiritishicha, gap 2022-yil sentabr oyida Germaniya prokuraturasi va politsiyasi tomonidan Bavariyaning Rottax-Eggern shahrida, Gamburgdagi Dilbar yaxtasida va Usmonovning do‘sti oilasining kichkina kvartirasida o‘tkazilgan tintuvlar haqida bormoqda.

Joriy yilning may oyida Frankfurt-na-Mayn sudi tergovchilar pul yuvish bo‘yicha tergov olib borayotgan to‘rtta orderni noqonuniy deb topdi.

26-oktabr kuni Germaniya sudi Usmonov advokatlarining prokuratura tomonidan tintuv paytida olib qo‘yilgan hujjatlar va mol-mulkdan foydalanishni to‘xtatish haqidagi iltimosini qanoatlantirdi.

Avvalroq Alisher Usmonov Germaniya sudiga da’vo arizasi kiritgani haqida xabar berilgandi.

Da’voga ko‘ra, milliarderning Dilbar yaxtasida tintuv o‘tkazilishi, uy-joy daxlsizligi huquqini buzadi va Usmonov buzganlikda ayblanayotgan qonun bandi konstitutsiyaga zid hisoblanadi.

Germaniyada Usmonov soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash, pul yuvish va Yevropa Ittifoqi sanksiyalarini buzishda gumon qilinmoqda.

2022-yilning kuzida nemis politsiyasi egasini Usmonov deb hisoblagan villada ham tintuv o‘tkazdi. 2023-yil may oyida Frankfurt sudi milliarder bilan bog‘liq obyektlarda tintuv o‘tkazishni noqonuniy deb e’lon qildi.


Alisher Usmonov Rossiya va Ukraina o‘rtasida harbiy harakatlar boshlanganidan bir necha kun o‘tib Yevropa Ittifoqi, AQSh va Buyuk Britaniya sanksiyalariga uchragan.

Biroq, AQSh moliya vazirligi maxsus bosh litsenziyaga ega bo‘lgan rossiyalik milliarderning kompaniyalarini sanksiyalardan chiqarib tashladi.

Iyul oyida Usmonov “USM” kompaniyalarining bankrot bo‘lish xavfini keltirib, YeI sanksiyalariga sud orqali eʼtiroz bildirishga uringani maʼlum bo‘ldi.

Sentabr oyida Vengriya rasmiylari tadbirkorni sanksiyalar ro‘yxatidan olib tashlashni talab qilgan, biroq tez orada o‘z talabini qaytarib olgan.

Biroz vaqt o‘tgach, YeI milliarderning singlisi Saodat Nurzievaga nisbatan cheklovlarni olib tashladi.

Noyabr oyida OAVda O‘zbekiston hukumati Usmonovga qarshi sanksiyalarni bekor qilishni so‘rab Yevropa Ittifoqiga murojaat qilgani va unga huquqiy yordam taklif qilgani haqida xabarlar tarqalgandi.

Joriy yil yanvar oyida Alisher Usmonov pensiyaga chiqishi haqida xabar berilgandi. Milliarder sanksiyalarga qaramay, O‘zbekistonda loyihalarni amalga oshirishda davom etish niyatini bildirgan.