Avvalroq “Spot” Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2024-yilgi davlat budjeti loyihasini taqdim etgani haqida yozgandi.
Shuningdek, vazirlik, 2024−2026 yillarga mo‘ljallangan budjetnomani ham e’lon qildi. Hujjatda 2026-yilgacha davlat moliyasini boshqarish sohasidagi asosiy prognoz va rejalar belgilab berilgan.
U o‘z ichiga boshqa o‘zgarishlar qatori, kelgusi yilda kutilayotgan soliq va bojxona siyosatidagi o‘zgarishlarni ham o‘z ichiga oladi. Bunda, bir qator tarmoqlar uchun imtiyozlarni bekor qilish va ayrim stavkalarni oshirish rejalashtirilmoqda.
Nimalar o‘zgarmaydi
Uchta asosiy soliq stavkalari joriy darajada saqlanib qoladi — foyda (15%), shaxsiy daromad (12%) va qo‘shilgan qiymat (12%). Bundan tashqari, ijtimoiy soliq stavkasi o‘zgarmaydi (12%, budjet tashkilotlari uchun — 25%).
Shuningdek, yuridik shaxslarning mol-mulk solig‘i stavkasini (1,5%) o‘zgartirish rejalashtirilmagan. O‘zgarishlar aylanma soliq stavkasiga ta’sir qilmaydi (4%).
Aksiz solig‘i va yig‘imlari
Rejalashtirilgan qator islohotlar “sog‘lom turmush tarzini rag‘batlantirish va atrof-muhitni muhofaza qilish” bilan izohlanadi. Ular doirasida ayrim aksiz solig‘ini oshirish ko‘zda tutilgan.
Xususan, 2024-yildan sigaretalar va boshqa tamaki mahsulotlari ishlab chiqarish uchun aksiz solig‘ini 12%ga indeksatsiya qilish rejalashtirilgan. Alkogol mahsulotlariga aksiz solig‘i 5%ga oshiriladi.
1-apreldan neft mahsulotlariga aksiz solig‘ini 12%ga oshirish ham belgilangan. Biroq, Yevrostandart (AI-92 va undan yuqori) ekologik talablariga javob beradigan benzin bundan mustasno.
Shu bilan birga, JST talablariga muvofiq import qilinadigan alkogol va tamaki mahsulotlariga aksiz solig‘ini mahalliy mahsulotlar bilan tenglashtirish rejalashtirilgan. Bu ularning 5%ga kamayishini anglatadi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalaridan kelib chiqib, aprel oyidan boshlab tarkibida shakar bo‘lgan alkogolsiz ichimliklar uchun litriga 500 so‘m miqdorida aksiz solig‘ini undirishni ham boshlash rejalashtirilgan. Qabul qilingan mablag‘lar Tibbiyotni rivojlantirish jamg‘armasiga yuboriladi.
Shuningdek, yuk ko‘tarish quvvati 10 tonnadan ortiq bo‘lgan yuk avtomobillari uchun har yili BHMning 5 baravari (1,65 mln so‘m) miqdorida yo‘l solig‘ini joriy etish taklif qilinmoqda. Iyul oyida avtomobil shinalarini utilizatsiya qilishga to‘lov joriy etish rejalashtirilgan — 1 kg vazn uchun BHMning 0,3%i (990 so‘m).
Suv resurslari solig‘i
Kelasi yilda Iqtisodiyot va moliya vazirligi suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalarini qayta ko‘rib chiqmoqchi. O‘zgartirishlar hisoblagichlarni joriy etish va maxsus suv xo‘jaliklarining ishiga barqaror haq to‘lashga qaratilgan.
1-yanvardan hisoblagichsiz an’anaviy sug‘orish usulidan foydalanayotgan fermer xo‘jaliklari uchun soliq stavkasi 1 m3 uchun 80 so‘mni tashkil etadi. Hisoblagich mavjud bo‘lsa, 0,7% kamaytirish koeffitsienti qo‘llaniladi.
Bundan tashqari, fermer va baliqchilik xo‘jaliklaridan olingan to‘lovlarning 25%i suv yetkazib beruvchi maxsus suv korxonalariga yuboriladi. Bu ularga individual to‘lovlarni bekor qilish imkonini beradi.
Sanoat, elektr stansiyalari, uy-joy kommunal xo‘jaligi korxonalari, avtomobil yuvish shahobchalari va ichimlik ishlab chiqarish uchun suv solig‘i stavkasi 12%ga oshiriladi. Boshqa korxonalar, shuningdek, YaTTlar 30% ko‘proq to‘laydi.
Mol-mulk solig‘i
1-yanvardan yuridik shaxslarning mol-mulk solig‘i bo‘yicha soliq solinadigan bazani hisoblashda ko‘chmas mulkning 1 kv.m minimal qiymatini quyidagicha oshirish rejalashtirilmoqda:
- Toshkent shahrida — 3 mln so‘mgacha (hozir 2,5 mln so‘m);
- Nukus va viloyat markazlarida — 2 mln so‘mgacha;
- boshqa hududlarda — 1,2 mln so‘mgacha.
Jismoniy shaxslarning mol-mulk solig‘i va qishloq xo‘jaligiga oid bo‘lmagan tomorqa yerlari uchun yer solig‘ining bazaviy stavkalari 12%ga yaqin bo‘lishi belgilangan. Shu bilan birga, 2024-yilda aholi uchun soliq summalari 2023-yilga nisbatan 30%dan oshmaydi.
Fuqarolarga tegishli bo‘lgan noturarjoy obyektlar uchun soliq solinadigan bazani belgilashda yuridik shaxslar uchun belgilanadigan eng kam stavkalar qo‘llaniladi. Tijorat ko‘chmas mulki uchun mol-mulk solig‘ini hisoblash bosqichma-bosqich bozor qiymatiga yaqin bo‘lgan kadastr qiymatiga o‘tkaziladi.
Boshqa soliqlar
1-yanvardan qat’iy belgilangan aylanma soliq stavkalarini oshirish rejalashtirilgan:
- tovar aylanmasi 500 mln so‘mgacha bo‘lganlar — 25 mln so‘mgacha;
- tovar aylanmasi 500 mln so‘mdan 1 mlrd so‘mgacha bo‘lganlar — 34 mln so‘mgacha.
Shuningdek, jismoniy shaxslar uchun ko‘chmas mulk ijarasining eng kam stavkalarini oshirish taklif etilmoqda:
Ko‘chmas mulk turi | Stavka (ming so‘m) | ||
Toshkent | Nukus va viloyat markazlari | Boshqa hududlar | |
Turar joy | 25 | 12 | 5 |
Noturarjoy | 40 | 23,5 | 10 |
Avtomobil ijarasining minimal stavkalari ham oshiriladi. Yo‘lovchi tashish uchun 780 ming so‘m, avtobus va yuk avtomobillari uchun 1,55 mln so‘m bo‘ladi.
1-fevraldan yakka tartibdagi tadbirkorlardan undiriladigan qat’iy stavkalar bo‘yicha soliqlar 10%ga indeksatsiya qilinadi. Bundan tashqari, 1-apreldan yillik daromadi 100 mln so‘mdan ortiq bo‘lgan o‘z-o‘zini band qilganlar uchun YaTTlar bilan teng miqdorda soliq solish tartibi joriy etilishi ko‘zda tutilgan.
Yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliqning qat’iy belgilangan stavkasini 12%ga indeksatsiya qilish rejalashtirilgan. Sement ishlab chiqarish uchun xomashyo bundan mustasno bo‘lib, qazib olish solig‘i ikki baravarga, ya’ni bir tonnasi uchun 22,5 ming so‘mdan 11,25 ming so‘mgacha kamaytiriladi.
Imtiyozlarni bekor qilish
1-apreldan dori vositalari, veterinariya preparatlari, tibbiyot buyumlarini olib kirish va sotish hamda tibbiy va veterinariya xizmatlari uchun QQS bo‘yicha imtiyozlarni bekor qilish rejalashtirilmoqda. Shu bilan birga, suv va issiqlik ta’minoti hamda kanalizatsiya uchun QQSning nol foiz stavkasi bekor qilinadi.
Bundan tashqari, elektron tijorat uchun imtiyozli soliq rejimini bekor qilish taklif qilinmoqda. Endi buning uchun daromad solig‘i 7,5%ni, aylanma solig‘i esa 2%ni tashkil etadi.
Joriy yilning sentabrida soliq uzilishi (tax gap) koeffitsientini qo‘llash amaliyoti hamda QQS bo‘yicha maxsus ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomaning amal qilishini to‘xtatib turish tartibi bekor qilingandi.