Samarqanddagi Kongress markazida Shavkat Mirziyoyev va Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning tor doiradagi uchrashuvi o‘tkazildi.

Yetakchilar Fransiya bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qilib, ikki tomonlama munosabatlarni strategik sheriklik darajasiga ko‘tarishga kelishishdi.

Tomonlarning joriy va kelasi loyihalar portfeli 10 mlrd yevrodan oshdi. Fransiya taraqqiyot agentligi bilan 1 mlrd yevrolik Strategik hamkorlik dasturi amalga oshirilmoqda.

“Yashil” energetika, xomashyo resurslarini qazib olish va qayta ishlash, innovatsion qishloq xo‘jaligi, suv ta’minoti, logistika, infratuzilmani rivojlantirish, turizm va boshqa sohalarda yangi yirik loyihalarni ilgari surish chora-tadbirlari muhokama qilindi.

Fransiya O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda ishonchni mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlarini hamda mamlakatning JSTga a’zo bo‘lishini va Yevroittifoq bilan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim tez fursatda imzolanishini qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekani ta’kidlandi.

Siyosiy muloqotni davom ettirish, xavfsizlik, yuzaga kelayotgan tahdid va xatarlarga samarali qarshi kurashish sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash muhimligi qayd etildi.

O‘zbekistonda fransuz tilini o‘rganishga qiziqish ortib borayotgani sabab, tomonlar Fransiya alyansining Samarqanddagi filiali ochilishini ma’qullashdi.

Toshkentda O‘zbekiston-Fransiya OTMini ochishni tezlashtirish hamda fransuz tili o‘qituvchilarini tayyorlashda hamkorlikni kengaytirishga kelishib olindi.

O‘tgan yilning noyabrida ikki mamlakat yetakchilari mazkur tashabbuslarni ilgari surgandi.