Avvalroq Shavkat Mirziyoyev va Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning tor doiradagi uchrashuvi o‘tkazilgandi. Muzokaralar ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida kengaytirilgan tarkibda davom etdi.
Tomonlar siyosiy aloqalarni, parlamentlar, hukumatlar, tashqi siyosiy va iqtisodiy idoralarning muntazam muloqotini davom ettirishga kelishishdi.
Mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 1 mlrd yevroga yetishi kutilmoqda.
Davlat rahbari hamkorlikning ustuvor sohalari sifatida quyidagilarni qayd etdi:
- qazib olish tarmog‘i;
- strategik xomashyo resurslarini qayta ishlash;
- gibrid, quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish;
- suv ta’minoti tizimlarini modernizatsiya qilish;
- “aqlli” qishloq xo‘jaligini joriy etish;
- shahar va transport infratuzilmasini rivojlantirish;
- turizm.
Ishbilarmonlar o‘rtasidagi sheriklikni ilgari surish uchun O‘zbekiston-Fransiya savdo palatasi ishga tushishi hamda Toshkentda “Business France” agentligining ofisini ochish rejalashtirilayotgani e’lon qilindi.
Gumanitar sohadagi hamkorlikni chuqurlashtirish maqsadida uch yillik dastur qabul qilish va uning doirasida o‘zaro Madaniyat kunlarini o‘tkazish taklif qilindi.
Fransiyaning turli shaharlaridan Samarqand, Buxoro va Xivaga charter reyslarni tashkil etib, sayyohlar almashinuvini rivojlantirish dasturini ishlab chiqish tashabbusi bildirildi.
Xalqaro kun tartibidagi masalalar, xavfsizlikka umumiy xatar va tahdidlarga qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirish yuzasidan fikr almashildi. Davlat rahbarlari kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi"ni tayyorlashga topshiriq berdi.
Muzokaralar yakunida ikki mamlakat yetakchilari Qo‘shma bayonot qabul qilishdi. Hujjatda o‘zaro munosabatlarni strategik sheriklik darajasiga ko‘tarish qayd etilgan.
Prezidentlar huzurida moliya, ta’lim, madaniyat kabi yo‘nalishlar bo‘yicha 8ta ikki tomonlama hujjat imzolandi. Jumladan:
- “Samarqand Fransuz Alyansi"ni tashkil etish va uning faoliyati to‘g‘risida hukumatlararo bitim;
- O‘zbekistonda ichimlik suvi ta’minoti infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha hukumatlararo moliyaviy bayonnomalar (1- va 2-bosqichlar);
- O‘zbekistonda Fransiya taraqqiyot agentligi va “PROPARKO"ni tashkil etish va ularning faoliyati to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida bayonnoma;
- tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida diplomatik kadrlar tayyorlash sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida deklaratsiya;
- maktabgacha, maktab, professional va oliy ta’lim sohasidagi hamkorlik bo‘yicha bayonnoma;
- madaniy meros sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida deklaratsiya;
- professional va texnik ta’lim sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida kelishuv.
Shuningdek, O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi hamda “SUEZ” va “Bouygues” kompaniyalari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida deklaratsiyalar imzolandi.