Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning O‘zbekistonga tashrifining ishbilarmonlik dasturi doirasida Samarqandda qo‘shma biznes forumi o‘tkazildi.

“Bugun qadrli hamkasbim bilan nihoyatda samarali muzokaralarni o‘tkazdik, hamkorligimizning yangi davri boshlanayotganini alohida ta’kidlashni istardim. Kelgusida o‘zaro munosabatlarimizni strategik sheriklik darajasiga ko‘tarish niyatidamiz”, — dedi O‘zbekiston prezidenti.

Qo‘shma loyihalarni moliyalashtirishning yangi mexanizmlari joriy qilinadi, biznes uchun qulay sharoitlar yaratiladi va ishbilarmonlik tashabbuslariga har tomonlama ko‘maklashiladi. Fransiyaning ishbilarmon doiralari bilan samarali va ochiq muloqotni kengaytirish uchun yangi samarali platformalarni yaratishga tayyorlik bildirildi.

Hamkorlikning to‘rtta muhim yo‘nalishi

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston-Fransiya sherikligini kengaytirish bo‘yicha to‘rtta ustuvor yo‘nalishni ko‘rsatib, tashabbuslarni ilgari surdi.

Mamlakat “yashil” energetika sohasida strategik hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekani ta’kidlandi. Bu borada “EDF”, “Voltalia” va “Total Energies” kompaniyalari bilan yirik loyihalar boshlangan.

Kooperatsiyaning yana bir muhim yo‘nalishi sifatida strategik xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlash va texnologiyalar asosida sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish qayd etildi. Bu sohada “Orano” kompaniyasi bilan sheriklikni kengaytirish rejalari borligi ta’kidlandi.

Suv resurslaridan samarali foydalanish va infratuzilmani barpo etish muhim ustuvor yo‘nalish sifatida ko‘rsatib o‘tildi. “SUEZ”, “Eiffage” va “Veolia” kompaniyalari bilan birgalikda mamlakat suv ta’minoti va isitish tizimlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha ishlar olib borilayotgani ta’kidlandi.

Navbatdagi muhim yo‘nalish sifatida qishloq xo‘jaligida raqobatbardoshlikni oshirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga e’tibor qaratildi.

Shu munosabat bilan mamlakat hududlarida zamonaviy agrologistika majmualarini qurish bo‘yicha Fransiya tomonidan bilan faol hamkorlik qilinishi qo‘llab-quvvatlandi.

“Yangi O‘zbekistonda ishlash uchun fransiyalik hamkorlarimizga eshiklarimiz doim ochiq ekanini, qanday foydali qo‘shma loyihalaringiz bo‘lsa, amalga oshirishga doim tayyorligimizni ta’kidlamoqchiman”, — dedi davlat rahbari so‘zining yakunida.

Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Shavkat Mirziyoyev tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlab, ushbu siyosat tufayli ikki tomonlama investitsiyaviy hamkorlik uchun katta imkoniyatlar ochilganini qayd etdi.

O‘zaro manfaatli sheriklikda mavjud ulkan salohiyatni faol ishga solishga chaqirib, bundan mamlakatlar iqtisodiyotlari va xalqlari manfaat topishiga ishonch bildirdi.

Biznes forumi yakunida energetika, metallurgiya, suv ta’minoti, qishloq xo‘jaligi, transport va boshqa sohalarda erishilgan kelishuvlar bo‘yicha hujjatlar to‘plami imzolandi.

Fransiya kompaniyalarining tashabbuslari

Shuningdek, biznes forum doirasida prezident Fransiya kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashdi. Xususan, “Orano” kompaniyasi raisi Klod Imoven bilan o‘tgan uchrashuvda geologiya-qidiruv ishlari va uran qazib chiqarish borasidagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha tashabbuslar qo‘llab-quvvatlandi.

“EDF” kompaniyasi raisi va bosh direktori Lyuk Remon bilan o‘tgan uchrashuvda prezident kompaniyaning Sirdaryo va Surxondaryodagi bug‘-gaz elektr stansiyalarini qurishda ishtirok etayotganini qo‘llab-quvvatladi. Shuningdek, loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish muhimligi ta’kidlandi.

Undan keyingi uchrashuv “Semmaris” kompaniyasi raisi Stefan Layani bilan kechdi. Kompaniya Samarqand, Andijon va Toshkent viloyatlarida agrologistika majmualarini qurishni rejalashtirmoqda. Prezident kompaniyaning bu boradagi rejalarini qo‘llab-quvvatladi.

“Meridiame” kompaniyasi raisi Terri Do bilan kompaniyaning “Yangi Toshkent"ni barpo etish doirasida infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Prezident “Lactalis” kompaniyasi raisi Emmanuel Bene bilan uchrashdi. Unda davlat rahbari kompaniyaning Namanganda sut mahsulotlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish borasidagi rejalarini qo‘llab-quvvatladi.

Shuningdek, “Boehringer Ingelheim” kompaniyasi raisi Kristian Vijsen bilan onkologik dori vositalarini ishlab chiqarishni tashkil etish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Fransiya taraqqiyot agentligi rahbari Remi Riu bilan kechgan uchrashuvda prezident agentlik tashabbusini qo‘llab-quvvatladi. Xususan, agentlik budjetni qo‘llab-quvvatlash va hamkorlik doirasidagi loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish bo‘yicha bitimlar imzolashni ilgari surdi.

Avvalroq Fransiya bilan moliya, ta’lim va madaniyat kabi yo‘nalishlar bo‘yicha 8ta hujjat imzolangani haqida xabar berilgandi.