Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti O‘zbekiston shaharlarining “yashash uchun qulayligi” reytingini tuzdi.
Shaharlarda yashash qulayligi yig‘ma indeks asosida baholanib, indeks milliy statistik ko‘rsatkichlar doirasida, Global Liveability reytingi metodologiyasi asosida ishlab chiqildi.
Indeksni shakllantirishda ta’lim, sog‘liqni saqlash, infratuzilma, barqarorlik, madaniyat va atrof-muhit yo‘nalishlaridagi jami 27ta miqdoriy hamda sifat ko‘rsatkichlaridan foydalanildi. Reyting aholi soni 40 ming kishidan ortiq bo‘lgan mamlakatning 30ta shahri uchun ishlab chiqildi.
Natijada, mamlakatdagi yashash uchun eng qulay shahar yetakchiligini Toshkent egalladi. Poytaxtning 100 ballik tizimdagi reyting bali 79,1ni tashkil etgan.
Undan keyingi kuchli uchlikni 76 ball bilan Urganch hamda 75,4 ball bilan Buxoro shaharlari egalladi. Shuningdek, Samarqand (70,6) va Navoiy (68,1) shaharlari ham yashash uchun eng qulay beshta shahar qatoridan joy oldi.
Ro‘yxatning eng quyi pog‘onasidan Bekobod (35,3), Xonobod (35,3), Yangiyer (33,5), Ohangaron (32,9) hamda Quvasoy (26,4) shaharlari o‘rin egalladi.
Yashash uchun qulay bo‘lgan Top-10 shaharning barchasi viloyat markazlari hisoblanib, reytingda ushbu shaharlarga reyting pog‘onalari bo‘yicha eng yaqin Qo‘qon (13-o‘rin), Xiva (14-o‘rin) va Chirchiq (16-o‘rin) kabi nomarkaziy hududlar joylashdi.
Yo‘nalishlar kesimida yetakchi shaharlar:
- Ta’lim hamda tibbiyot — Buxoro, Guliston va Urganch;
- Infratuzilma — Urganch, Navoiy va Toshkent;
- Ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlik — Toshkent, Urganch va Guliston;
- Madaniyat va atrof-muhit — Toshkent, Buxoro va Samarqand.
Ekspertlar reytingni amaliyotga joriy etish mamlakat shaharlarining umumiy holatini bir necha yo‘nalishlar bo‘yicha doimiy monitoring qilib borish imkonini berishini ta’kidlashmoqda.
Shuningdek, reytingni takomillashtirishda har bir yo‘nalish bo‘yicha mavjud muammoli sohalar aniqlanib, ularni bartaraf etish hamda kelgusidagi iqtisodiy rivojlanishga to‘siq bo‘luvchi omillarni kamaytirish mumkin.
Joriy yilning iyul oyida Toshkent chet elliklar uchun eng arzon shaharlar 10 taligiga kirgandi.