O‘zbekiston va Qirg‘iziston Toshkent-Baliqchi yo‘nalishi bo‘yicha mavsumiy yo‘lovchi poyezdlarini ishga tushirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “O‘zbekiston temir yo‘llari” matbot xizmati xabar berdi.
Kompaniya vakillari “Qirg‘iziston temir yo‘li” MK" korxonasi bilan uchrashib, hamkorlik masalalarini muhokama qildi. Asosiy e’tibor temir yo‘l orqali yuklarni tashishda qulay shart-sharoitlarni yaratishga qaratildi.
Tomonlar Qirg‘izistondan O‘zbekistonga yuk tashish uchun “O‘zbekiston temir yo‘llari” tomonidan vagonlar berish masalasini muhokama qildi.
Qirg‘iziston mutaxassislarini O‘zbekiston OTMlarida o‘qitish masalalari ko‘rib chiqildi. Kadrlar malakasini oshirish va kasbiy ko‘nikmalarni rivojlantirish uchun ta’lim sohasidagi hamkorlikka kelishishdi.
Shuningdek, Toshkent-Baliqchi-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha mavsumiy yo‘lovchi poyezdlarining ishga tushirilishi muhokama qilindi. Bu mintaqaning sayyohlik salohiyatini rivojlantirishga yordam berishi ta’kidlangan.
Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘lini qurish loyihasini jadallashtirish tadbirlarini amalga oshirishga kelishishdi. O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish muhimligi qayd etilgan tegishli protokol imzolandi.
Avvalroq 1-noyabrdan mahalliy yo‘nalishlardagi temir yo‘l chiptalari narxi oshirilgani haqida xabar berilgandi. Yo‘lovchi poyezdlari chipta narxlarining tarif qismi 44%ga, yuqori tezlikda harakatlanuvchi Afrosiyob elektropoyezdlari chiptalari esa 60%dan yuqoriroqqa oshirildi.