Prezident tomonidan imzolangan qonun bilan Turkiy investitsiya jamg‘armasini ta’sis etish to‘g‘risidagi Bitim ratifikatsiya qilindi.
Unga ko‘ra, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining mablag‘lari O‘zbekistonning Turkiy investitsiya jamg‘armasidagi ulushini Bitimda nazarda tutilgan muddatlarda shakllantirish, jumladan, uning boshlang‘ich kapitalidagi 2 mingta aksiyaga obuna bo‘lish bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish manbai ekanligi belgilandi.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Bitimning bajarilishi uchun mas’ul vakolatli organ etib, Markaziy bank esa bitim bo‘yicha depozitariy funksiyasini bajarishi belgilandi.
Turkiy investitsiya jamg‘armasini ta’sis etish to‘g‘risidagi bitim joriy yilning 16-martida Anqarada qabul qilingan. Avvalroq Senat tomonidan mazkur qonun ko‘rib chiqilib, ma’qullangandi.
Qayd etilishicha, mazkur bitim jamg‘arma doirasida hamkor davlatlar — Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkiya bilan investitsiyaviy loyihalarni birgalikda amalga oshirishga xizmat qiladi.
Xususan, mazkur loyihalar qatorida elektrotexnika, yengil sanoat, avtosanoat, charm sanoati hamda qurilish materiallari sohalarida qo‘shma sanoat kooperatsiyasi kabi loyihalar nazarda tutilgan.
Shuningdek, jamg‘arma mablag‘lari mintaqalararo savdo, qo‘shma loyihalar, yashil iqtisodiyot, IT, transport, logistika va boshqa sohalarni rivojlantirishga qaratiladi.
2022-yilning noyabr oyida Turkiy davlatlar tashkiloti sammitida Shavkat Mirziyoyev qo‘shma investitsiya jamg‘armasini ishga tushirishni taklif qilgandi.
Joriy yil boshida Turkiy investitsiya jamg‘armasini tashkil etish masalasi ustida ish olib borilayotgani ma’lum qilindi. Unda, jamg‘arma tadbirkorlikni rag‘batlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlashni o‘z ichiga olishi ta’kidlangandi.