Turkiya turistlarga uy-joy ijarasi uchun talablarni kuchaytirdi. Bu bo‘yicha qaror mamlakat hukumatining “Resmi Gazete” nashrida e’lon qilindi, deya xabar bermoqda “Kommersant” nashri.

Unga ko‘ra, endilikda Turkiyada turar joyni sayyohlarga 100 kundan kam muddatga ijaraga bermoqchi bo‘lgan uy egalari maxsus litsenziya va binoning barcha egalaridan rozilik olishlari kerak.

Agar turarjoy litsenziyasiz qisqa muddatga ijaraga berilsa, uy egasi jarimaga tortiladi. Litsenziya olingandan so‘ng, binoga kirish joyida maxsus belgi o‘rnatiladi.

Shuningdek, yangi qoidalar litsenziya egasidan ijaraga olingan uy-joyni o‘z nomidan uchinchi shaxslarga ijaraga berishni ham taqiqlaydi.

Litsenziyasiz uy-joy ijaraga berganlarga har bir turar joy uchun 100 ming turk lirasi ($3,5 ming) miqdorida ma’muriy jarima qo‘llaniladi.

Mazkur jarimadan keyin qoidabuzarlarga litsenziya olish uchun 15 kun beriladi. Agar bu orada litsenziya olmagan bo‘lsa, uy egalari yana jarimaga tortiladi. Biroq, bu safar 500 ming turk lirasi ($17,6 ming) miqdorida jarima qo‘llaniladi.

Agar uy egalari keyingi 15 kun ichida litsenziya olishmasa, ularga 1 mln turk lirasi ($35,3 ming) miqdorida jarima solinadi.


Avvalroq Turkiyaning “Sunexpress” aviakompaniyasi 12-noyabrdan Izmirdan Samarqandga parvozlarni boshlashi haqida xabar berilgandi.