AQSh Savdo vazirligi Rossiya harbiy sanoati bilan aloqador 13 kompaniyaga nisbatan eksport cheklovlarini joriy qildi. Bu haqda AQSh Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi saytida ma’lum qilingan.
Sanoat va xavfsizlik byurosi ma’lumotlariga ko‘ra, kompaniyalar AQShning milliy xavfsizligi va tashqi siyosati manfaatlariga zid faoliyat bilan, ya’ni Rossiya armiyasi uchun uchuvchisiz uchish apparatlarini sotib olish va yaratish bilan shug‘ullangan.
Qayd etilishicha, ular maxsus eksport nazorati ro‘yxatiga kiritilgan.
Ular qatoriga O‘zbekistonning “Mvizion” kompaniyasi ham kiritilgan.
Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat reestri ma’lumotlariga ko‘ra, kompaniya 2022-yil iyun oyida ro‘yxatga olingan.
Ustav kapitali 1 mln so‘m bo‘lgan kompaniya rahbari Igor Ievlev hisoblanadi.
Qayd etilishicha, “Mvizion” elektron va telekommunikatsiya uskunalarini ulgurji yetkazib beradi.
Amerika departamenti, shuningdek, “Pochta Bank”, Butunrossiya mintaqaviy taraqqiyot banki (RRDB), Rossiya standart banki va boshqa Rossiya tashkilotlarini qora ro‘yxatga kiritdi.
Ma’lum qilinishicha, jami 30 dan ortiq jismoniy va 200 dan ortiq yuridik shaxslarga nisbatan jazo choralari qo‘llanilgan.
Joriy yilning fevral oyi boshida AQSh moliya vazirligi O‘zbekiston fuqarosi Maks Piflaks va uning o‘g‘li Gilad Piflaksga nisbatan sanksiyalar joriy qilgan edi.
Ular Rossiya harbiy-sanoat kompleksini qo‘llab-quvvatlash uchun sanksiyalardan qochgan jismoniy shaxslar va kompaniyalarning global tarmog‘ining bir qismi bo‘lganlikda gumon qilingan.
Avvalroq “Spot” AQSh moliya vazirligi milliarder Alisher Usmonovning “USM xoldingi” va uning bir qator sho‘ba korxonalariga qarshi sanksiyalar kiritgani haqida yozgandi.
Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) “SDN” qora ro‘yxatiga biznesmen yoki uning kompaniyalari bilan aloqador bir necha kishi ham kiritgan. 12-aprel kuni AQSh hukumati olti nafar O‘zbekiston fuqarosiga nisbatan cheklovlar joriy qildi.
Shunday qilib, Usmonovning singlisi Saodat Nurzievaga qarshi sanksiyalar kiritildi. U hozir ham Britaniya sanksiyalari ostida, biroq Yevropa Ittifoqi unga nisbatan cheklovlarni 2022-yil sentabrida olib tashladi.
“OCCRP” jurnalistlari 2022-yilning fevral oyida Nurziyeva uchun Shveysariyaning “Credit Suisse” bankida (yaqinda “UBS” tomonidan sotib olingan) $2 mlrddan oshiq 10 ga yaqin hisob raqamlari ochilgani haqida xabar berishdi, ammo Nurziyeva vakillari buni rad etishdi.
Yangilangan “SDN” ro‘yxatiga Nurziyevaning qizi Nasiba va uning turmush o‘rtog‘i Shohrux Nosirxo‘jaevlar kiritilgan. AQSh Moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, u BAAda ro‘yxatdan o‘tgan “Hamriyah Steel FZC” kompaniyasiga rahbarlik qiladi, hozirda u ham sanksiyalar ostida.
Milliarderning yana bir singlisi Gulbahor Ismoilova va uning asrab olingan o‘g‘li Natan (Anton) Viner ham sanksiya ro‘yxatidan joy olgan.
Qayd etilishicha, ikkalasi ham O‘zbekistondan tashqari Rossiya fuqaroligiga ega. Ismoilovada ham Kipr, Venerda esa Germaniya pasporti bor.
Gulnoz Ko‘charova (Ismoilova) bir kunda qora ro‘yxatga tushgan oltinchi O‘zbekiston fuqarosi bo‘ldi — u ham Rossiya va Kipr fuqaroligiga ega.
U Usmonovning “The Sister Trust” kompaniyasiga tegishli Kiprning “Almenor” kompaniyasi direktorlar kengashi a’zosi hisoblanadi.
Ulardan tashqari, AQSh sanksiyalarga kiritilgan “USM” tuzilmalarining bir qator rahbarlarini sanab o’tgan. Ular orasida xoldingning sobiq bosh direktori Vladimir Streshinskiy, “Metalloinvest” va “Udokan” mis kompaniyalari boshqaruvi aʼzolari Vaxtang Kocharov, Nozim Efendiev va Valeriy Kazikaev va boshqalar bor.