Shavkat Mirziyoyev Ostonada o‘tayotgan Turkiy davlatlar tashkiloti sammitida ishtirok etmoqda. Mamlakat rahbari o‘z nutqida hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan takliflar bildirdi.

“Global logistika zanjirlari va transport yo‘laklarini rivojlantirish va diversifikatsiya qilish, yagona tranzit tarmog‘ini shakllantirish masalalari dolzarb ahamiyatga ega”, — dedi.

Prezident yuk tashuvlariga o‘sib borayotgan talabni qondirish maqsadida O‘rta koridor salohiyatini kengaytirish choralari qo‘llab-quvvatlanishini qayd etdi.

“Qo‘shimcha ko‘ptarmoqli yo‘nalishlarni, jumladan, Xitoy, Janubiy Osiyo va Yevropa bozorlariga mamlakatlar orqali o‘tadigan koridorlarni rivojlantirish hamda transport xizmatlarini raqamlashtirish tarafdorimiz”, — dedi davlat rahbari.

Shuningdek, davlatlar Temir yo‘l idoralari kengashini ta’sis etish va bu tuzilmaning direksiyasini O‘zbekistonda joylashtirish taklifi bildirdi.

O‘tgan yili o‘tkazilgan TDT sammitida prezident Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasida joriy etilgan avtotransport elektron ruxsatnomalarini almashish tizimiga tashkilot davlatlarini ham qo‘shilishga chaqirgandi.