Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov O‘zbekistonda benzin defitsiti yo‘qligini ma’lum qildi. Bu haqda u Samarqandda Verona Yevroosiyo iqtisodiy forumida ma’lum qildi, deya xabar beradi “Spot” muxbiri.
Unga ko‘ra, Rossiyadan O‘zbekistonga 7-oktabrdan boshlangan gaz yetkazib berish jarayoni tuzilgan majburiyatlar doirasida amalga oshirilmoqda.
“Gaz kelmoqda. „Gazprom“ bilan [imzolangan] barcha shartnoma majburiyatlari bajarilmoqda. [O‘zbekistonga] allaqachon qariyb 300 mln [kub metr gaz] yetib kelgan”, — dedi vazir.
Biroq, Mirzamahmudov Rossiya va Turkmanistondan import qilingan gaz narxini konfidensiallikka tayangan holda oshkor qilmadi, shuningdek, mamlakatning joriy va kelgusi yil uchun Xitoyga gaz eksporti hajmi bo‘yicha prognozlarini ham ma’lum qilmadi.
Bundan tashqari, vazir joriy yilda O‘zbekistonga 1 mln tonna neft va neft mahsulotlari import qilingani va bu o‘tgan yilga nisbatan bir oz ko‘p ekanligini aytdi. Kelgusida mamlakat o‘sib borayotgan iqtisodiyot ehtiyojlarini qondirish uchun neft importini oshirishni rejalashtirmoqda.
“Ha, biz buni yaqinda [Rossiyaga] tashrifimiz doirasida imzolaganmiz. Hajmlar yo‘q, eng muhim tamoyil — yetkazib berish masalasi”, — dedi vazir Rossiya bilan neft yetkazib berish bo‘yicha hukumatlararo bitim imzolanishiga izoh berib. “Asosiysi, yetkazib berishda hech qanday cheklovlar yo‘q”, deya qo‘shimcha qildi u.
Energetika vazirligi rahbarining ta’kidlashicha, 21-sentabrdan Rossiya tomonidan benzin va dizel yoqilg‘isi eksportiga kiritilgan cheklovlar O‘zbekistonga yetkazib berishga ta’sir qilmagan, bu davlatlar o‘rtasida hukumatlararo kelishuv tuzilgani bilan izohlangan.
Bundan tashqari, Mirzamahmudov Raqobat qo‘mitasi tomonidan birjada AI-80 benzinini sotib olish limiti oshirilganiga izoh berib, mamlakatda yoqilg‘i defitsiti yo‘qligini ta’kidladi.
“Cheklov narxlarni manipulyatsiya qilishning oldini olish uchun kiritildi. Bu aholining arzon benzinga ega bo‘lishini ta’minlash uchun qilingan. Bu [import] hajmiga bog‘liq emas. Defitsit yo‘q”, — deya xulosa qildi vazir.
“Spot” AI-80 benzinini xarid qilishdagi cheklovlar xaridorlar sonining qisqarishiga olib kelgani, shu bois yoqilg‘i quyish shoxobchalari vakillari va birja brokerlari limitni kamaytirishni so‘ragani haqida yozgandi.
Avvalroq O‘zbekiston va Rossiya kelasi yili gaz bo‘yicha 15 yilga mo‘ljallangan shartnoma tuzishi haqida xabar berilgandi.