2-noyabr kuni Shavkat Mirziyoyev va Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Fransuz alyansining Samarqand shahridagi filialini ochib berdi.

Alyans madaniyat va til sohasidagi ikki tomonlama almashinuvlarni kengaytirish qaratilgan. Mamlakatlar yetakchilari markaz imkoniyatlari bilan tanishdi.

Bu yerda fransuz tili va adabiyoti bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etiladi. Markaz 200tagacha fransuz madaniyatiga qiziquvchilarni qabul qila oladi.

Samarqandda Fransuz alyansi filialini ochish tashabbusi birinchi marotaba 2018-yilda bildirilgan. 2022-yilning noyabrida ikki mamlakat yetakchilari Fransiya alyansining bo‘linmasi ochilishini qo‘llab-quvvatladi.

Emmanuel Makronning O‘zbekistonga tashrifi doirasida mamlakatda fransuz tilini o‘rganishga qiziqish ortayotganidan kelib chiqib, tomonlar alyans filiali ochilishini ma’qullashdi.

Undan keyin, “Samarqand Fransuz Alyansi"ni tashkil etish va uning faoliyati to‘g‘risida hukumatlararo bitim imzolandi.

Fransuz tili va madaniyatini targ‘ib qilishga ko‘maklashuvchi mazkur nohukumat notijorat tashkiloti 1883-yilda Parijda tashkil etilgan.

Hozir dunyoning 137ta mamlakatida Fransuz alyansining 800dan ziyod filiali faoliyat yuritadi. Alyansning mamlakatdagi birinchi filiali 2015-yili Toshkentda ochilgan.