Shavkat Mirziyoyev Turkiy davlatlar tashkiloti davlat rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etib, tashkilotga a’zo davlatlar o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirishga qaratilgan taklif va tashabbuslarni ilgari surdi.
Xususan, Turkiy xalqlar birdamligini, ularning o‘tmishi va madaniyatini, qadriyatlarini ifoda etadigan Turkiy dunyo xartiyasini ishlab chiqish taklif qilindi.
Sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish va yirik qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish maqsadida Turkiy taraqqiyot bankini tashkil etish ishlarini faollashtirish muhimligi qayd etilib, ushbu moliya muassasasini Toshkentda joylashtirish taklifi bildirildi.
Turkiy davlatlar savdo hamkorligi tadqiqot markazini tashkil etish bo‘yicha boshlangan amaliy ishlarni to‘liq ma’qullab, prezident markaz imkoniyatlaridan savdo to‘siqlarini bartaraf etish, eksport-import hajmini ko‘paytirish bo‘yicha yangi mexanizmlarni joriy qilish, elektron savdo platformalarini rivojlantirishda unumli foydalanish zarurligiga e’tibor qaratdi.
Global logistika zanjirlari va transport yo‘laklarini rivojlantirish va diversifikatsiya qilish, yagona tranzit tarmog‘ini shakllantirish masalalari dolzarb ekani ta’kidlandi.
O‘rta koridor salohiyatini kengaytirish, qo‘shimcha ko‘p tarmoqli yo‘nalishlarni, jumladan, Xitoy, Janubiy Osiyo va Yevropa bozorlariga mamlakatlar orqali o‘tadigan yo‘laklarni rivojlantirish hamda transport xizmatlarini raqamlashtirish chora-tadbirlarini qo‘llab-quvvatladi.
Tashkilotning Temir yo‘l idoralari kengashini ta’sis etish va bu tuzilmaning direksiyasini O‘zbekistonda joylashtirish taklif etildi.
Ekologiya sohasida hamkorlikni mustahkamlash maqsadida vazirlar darajasida doimiy faoliyat ko‘rsatadigan Turkiy ekologiya forumini tuzish tashabbusi bildirildi.
Tashabbuskor yoshlarni rag‘batlantirish uchun O‘zbekistonda Turkiy dunyo kreativ yoshlari markazini ochish taklif qilindi.
Shuningdek, prezident Afg‘oniston xalqiga insonparvarlik yordami ko‘rsatishni susaytirmaslik, mamlakatdagi o‘tkir ijtimoiy muammolarni hal etishga qaratilgan aniq mexanizmlarni ishlab chiqishga chaqirdi.
Sammit yakunida TDT doirasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha bitim va qarorlar qabul qilindi. Tashkilotga raislik Qozog‘istonga o‘tdi.
Oktabr oyida Shavkat Mirziyoyev Bishkekda o‘tgan MDH davlatlari rahbarlari kengashining majlisida hamkorlikni faollashtirish bo‘yicha yo‘l xaritasini tayyorlash va erkin savdo hududini shakllantirish kabi takliflarni bildirgandi.