Rossiyada ishlayotgan o‘zbekistonlik migrantlarning ish haqi undirib berildi. Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi agenligi matbuot xizmati xabar berdi.
Mamlakatning Samara viloyatida ishlayotgan fuqarolar agentlikning mazkur hududdagi vakiliga hujjatlari va oylik ish haqini undirish masalasida murojaat qilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, fuqarolar Krasnoyarsk tumanidagi issiqxonalarda ish beruvchi bilan shartnoma tuzmasdan mehnat faolyatini amalga oshirgan.
Ish beruvchi bundan foydalanib, 5 oydan buyon 891,8 ming rubl ($9601) miqdoridagi ish haqini to‘lamasdan ishlatgan.
Vakillik xodimlari tomonidan ish beruvchi bilan aloqa o‘rnatilib, ariza yuzasidan surishtiruv ishlari olib borildi. Natijada o‘zbekistonliklarning ish haqi va hujjatlari to‘liq qaytarildi.
Avvalroq Rossiyada ishlayotgan o‘zbekistonliklarning $120 ming miqdoridagi pullari undirib berilgandi. SMU-161 korxonasida ishlovchi 131ta fuqaro oylik maoshini undirib berishda yordam so‘rab, murojaat qilgan.