Oktabr oyi oxirida Raqamli texnologiyalar vazirligi O‘zbekistonda “mobil qullik” bekor qilinganini ma’lum qilgandi. Xususan, raqamni ko‘chirish uchun “MNP Uzbekistan” maxsus sayti ishga tushirildi.
Abonent raqamlarini ko‘chirish xizmatidan 1000 dan ortiq odam foydalangan. Bu haqda “Verona” Yevroosiyo iqtisodiy forumida Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov “Spot"ga ma’lum qildi.
“Bu birinchi hafta [ko‘rsatkichlari]. Aholida hali ham qo‘rquv bor va hokazo yoki bilishmaydi. Barchasi yaxshi ketayotganini ko‘rishgach, menimcha, bundan ham ko‘proq bo‘ladi”, — deydi vazir.
Sherzod Shermatovning ta’kidlashicha, noyabr oyi oxirigacha vazirlik “mobil qullik” bekor qilinishining dastlabki natijalari haqida to‘liqroq ma’lumotga ega bo‘ladi.
“Hozir odamlar [raqamlarni ko‘chirish xizmatidan] faol foydalanishmoqda, ya’ni [mobil operatorlarini] almashtirishmoqda. Asosiysi, qiyinchiliklar yo‘q”, — dedi Shermatov.
Vazir ayrim operatorlar o‘z ichki tizimlarini yanada sozlashayotganini ham qayd etdi. Ular hozir faqat o‘z abonentlari uchun ishlab chiqilgan ba’zi xizmatlardan barcha qurilmalarda qulay foydalanish uchun ko‘chirishlari kerak bo‘ladi. Bu oddiy ish, deya ta’kidladi u.
O‘zbekistonda 2018-yili raqamni ko‘chirish bo‘yicha loyiha jamoatchilik muhokamasiga taqdim etildi. Biroq, uni amalga oshirishga infratuzilma va jihozlarning yetishmasligi to‘sqinlik qildi.
2022-yilning oktabr oyida bu bo‘yicha texnik yechim tayyor bo‘lgani, biroq raqamlarni ko‘chirishni yo‘lga qo‘yishga xavfsizlik bilan bog‘liq ayrim muammolar to‘sqinlik qilgani ma’lum bo‘ldi.
Avvalroq O‘zbekistonda IMEI-kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi soddalashtirilgani haqida xabar berilgandi.