Avvalroq Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2024−2026 yillarga mo‘ljallangan budjetnomani e’lon qilgandi. Hujjat davlat moliyasi bilan bog‘liq rejalar va prognozlarni qamrab olgan.

Vazirlik mutaxassislari kelgusi yil uchun budjet prognozini taqdim etdi. Uning konsolidatsiyalashgan xarajatlari 312,8 trln so‘m yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 24%ni, budjet defitsiti esa YaIMga nisbatan 4%ni tashkil etadi.

Subsidiyalarga qariyb 29,8 trln so‘m sarflanishi rejalashtirilgan. Bu umumiy xarajatlarning 9,5%ini tashkil etadi. Taqqoslash uchun, ijtimoiy nafaqalar hajmi — 18,6 trln so‘m (5,9%).

Mablag‘larning asosiy qismi (28,38 trln so‘m) davlat dasturlari doirasidagi subsidiyalarga yo‘naltiriladi. Shu bilan birga, ularning hajmi joriy yilga nisbatan qisqarib, vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, 31 trln so‘mdan biroz ko‘proqni tashkil qiladi.

Subsidiyalash bo‘yicha yirik band tabiiy gazni sotib olish va sotish narxlari o‘rtasidagi tafovutni qoplash bo‘lib, buning uchun 9,5 trln so‘m ajratiladi. Shu bilan birga, u joriy yil prognoziga nisbatan deyarli ikki barobar kamayishi kerak.

Shuningdek, 4,49 trln so‘m issiqlik ta’minoti korxonalariga kompensatsiyalar uchun yo‘naltiriladi, bu joriy yilga nisbatan qariyb 2,5 barobar ko‘p, ta’lim tizimiga ajratilgan umumiy budjet xarajatlaridan esa (4,77 trln so‘m) biroz kam. Nodavlat bolalar bog‘chalariga budjetdan 3,03 trln so‘m (+9,7%) ajratiladi.

Navbatdagi yirik subsidiya moddasi elektr energiyasi narxidagi tafovutni qoplashni nazarda tutib, 2,5 trln so‘mni tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich sog‘liqni saqlash xarajatlaridan yuqori — 2,16 trln so‘m.

Uy-joy xaridi uchun joriy yilga nisbatan 28,4%ga ko‘p subsidiya ajratiladi — 1,5 trln so‘m. Xuddi shu miqdor jamoat transportida ko‘rilgan zararlarni qoplashga yo‘naltiriladi.

2025-yil uchun budjet xarajatlarining prognoz hajmi 362,5 trln so‘mni tashkil etadi. Shundan 6 trln so‘mi (1,65%) gaz va 2,5 trln so‘mi (0,7%) elektr energiyasi uchun subsidiyalarga yo‘naltirilishi kutilmoqda.

“Fitch Ratings” agentligi O‘zbekiston uchun avgust oyidagi prognozida budjet defitsiti oshishi ehtimolini qayd etgandi. Agentlik buning sabablaridan biri sifatida energiya tariflari islohoti kechiktirilgani va subsidiyalar saqlanib qolayotganida ko‘rdi.

Oldinroq Energetika vazirligi energetika subsidiyalari yiliga $1 mlrddan oshishini ta’kidlab, budjetdan qancha mablag‘ sarflanishini hisoblab chiqqandi.