Shveysariyaning École polytechnique fédérale de Lausanne (EPFL) kompyuter va kommunikatsiya fanlari maktabining yozgi dasturiga arizalar qabul qilinmoqda.
Dastur saralash 2024-yil uchun o‘tkazilmoqda hamda unda butun dunyodan bakalavr va magistratura talabalari hujjat topshirishlari mumkin.
Xususan, unda kompyuter fanlari, kompyuter injiniringi, telekommunikatsiya hamda elektrotexnika sohalaridan birida tahsil olayotgan talabalar ishtirok etish imkoniyatiga ega.
Amaliyot davomiyligi 3 oyni tashkil etib, qabul qilinganlarga oylik 1600 CHF ($1800) miqdorida stipendiya ajratiladi hamda borish-kelish xarajatlari qoplab beriladi.
Bakalavr nomzodlar o‘qishining kamida birinchi yilini tamomlagan bo‘lishi, magistratura nomzodlari esa 1-bosqichda tahsil olayotgan bo‘lishi kerak.
Onlayn ariza jo‘natish jarayonida CV, transkriptlar hamda motivatsiya xatini PDF formatida yuklash zarur.
Bundan tashqari, agar hujjatlar ingliz tilida bo‘lmasa asl nusxasi bilan birga tarjima variantini ham jo‘natish kerak. Bunda, tarjima rasmiy bo‘lishi shart emas, nomzod mustaqil tarjima qilib jo‘natishi mumkin.
Unda ishtirok etish uchun arizalarni joriy yilning 1-dekabrigacha havola orqali jo‘natish kerak. Batafsil ma’lumot bu yerda.
Ko‘p beriladigan savollar bilan bu yerda tanishish mumkin.
Avvalroq Yaponiyaning APU universiteti OTB stipendiya dasturiga arizalar qabul qilayotgani haqida xabar berilgandi. Qabul qilingan talabalar barcha xarajatlardan ozod etilib, oyiga $953 miqdorida stipendiya bilan ta’minlanadi.