Osiyo va Yevropa o‘rtasida O‘zbekiston-Turkmaniston-Eron-Turkiya xalqaro multimodal yo‘lagi tashkil etiladi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Bu bo‘yicha, IHTga a’zo mamlakatlar transport vazirlarining 12-yig‘ilishi doirasida O‘zbekiston, Turkmaniston, Eron va Turkiya mamlakatlarining manfaatdor vazirliklari o‘rtasida mazkur multimodal yo‘lakni shakllantirish bo‘yicha bayonnoma imzolandi.
Hujjat bilan, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi davlatlaridan Yevropa Ittifoqi mamlakatlarigacha O‘zbekiston, Turkmaniston, Eron, Turkiya hududlari orqali yuk tashishlarni tashkil etish belgilanmoqda.
Tomonlar raqobatbardosh tarif stavkalarini qo‘llash va mamlakatlar temir yo‘llarida yuk tashish uchun qulay sharoitlar yaratish hamda yo‘nalish bo‘ylab yuk tashishlarini tashkil etishda normativ-huquqiy va texnik standartlarni birxillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarni hamkorlikda ishlab chiqishni rejalashtirmoqda.
Shuningdek, mazkur yo‘lak ishtirokchi-davlatlari o‘rtasida transport sohasidagi bog‘liqlikni oshirish ham ko‘zda tutilgan.
O‘zbekiston orqali o‘tuvchi muqobil xalqaro transport yo‘laklarini shakllantirish bo‘yicha tadbirlar mamlakatning jahon transport-logistika tarmoqlariga integratsiyalashuvini chuqurlashtirish va tranzit salohiyatini oshirish bo‘yicha “O‘zbekiston — 2030” Strategiyasida belgilangan vazifalarga muvofiq amalga oshirilmoqda.
Avvalroq O‘zbekiston Rossiya bilan Turkmaniston orqali yuk tashuvlarini amalga oshirishga kelishgani haqida xabar berilgandi.
Bundan tashqari, IHTga a’zo mamlakatlar transport vazirlarining 12-yig‘ilishida Toshkent deklaratsiyasi qabul qilindi.