Transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev “Verona” Yevroosiyo iqtisodiy forumida Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi loyihasini moliyalashtirish haqida “Spot"ga so‘zlab berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi kechiktirilmagan. Sentabr oyida loyiha moliyaviy kelishmovchiliklar tufayli to‘xtatilgani haqida xabar berilgandi. Bir necha kundan so‘ng Qirg‘iziston bosh vaziri o‘rinbosari Baxit Toroboyev bu ma’lumotni rad etdi.
Transport vazirligi rahbari o‘rinbosari bu loyihani davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirish mumkin emasligini ta’kidladi.
“Hech qanday DXSh bo‘lishi mumkin emas. Bu $5 mlrdlik loyiha [doirasidagi] infratuzilma, butun bir qurilishdir. Bu strategik okyekt bo‘lib, DXSh ko‘rib chiqilmaydi. Balki qandaydir konsorsium bo‘ladi, chunki bunda uchta o‘yinchi bor, yoki boshqa davlatlar ham qiziqish bildirib, o‘z mablag‘lari bilan kelishar”, — dedi Jasurbek Choriyev.
Uning ta’kidlashicha, O‘zbekiston temir yo‘l qurilishiga o‘z mablag‘larini yo‘naltiradi, chunki bu muqobil yo‘lak yaratib, inqirozlarni yaxshiroq yengish va iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlashga yordam beradi.
Sentabr oyida Qirg‘iziston transport va kommunikatsiyalar vaziri Tilek Tekebayev Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li DXSh asosida yoki kredit va qarz mablag‘larini jalb qilish orqali qurilishi mumkinligini ma’lum qilgandi.
Avvalroq O‘zbekiston, Turkmaniston, Eron va Turkiya transport yo‘lagini tashkil etishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.