Joriy yilning yanvar-sentabr oylarida “IT Park” rezidentlarining eksport hajmi $238,7 mlnni tashkil etdi. Bu haqda texnopark matbuot xizmati ma’lum qildi.
Natijada, ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan ($89,2 mln) qariyb 3 barobarga oshgan. Eksportning asosiy qismi — 43%i AQShga to‘g‘ri keladi.
Undan keyingi o‘rinlarda 37% bilan Yevropa Ittifoqi mamlakatlari va Buyuk Britaniya, 4% bilan Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika mamlakatlari turibdi. Qolgan 16%i esa boshqa davlatlarga to‘g‘ri keladi.
“IT Park” rezident kompaniyalari tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlarning umumiy hajmi 8,5 trln so‘mga yetdi. O‘tgan yilning shu davriga nisbatan (3,8 trln so‘m) xizmatlar hajmi 2,2 barobarga o‘sdi.
Shuningdek, uchinchi chorak yakuni bo‘yicha 4 926ta kishi rezident kompaniyalarda ish bilan ta’minlandi. Natijada, 2022-yilning yakuniga nisbatan 27%ga o‘sdi. Ish bilan ta’minlangan mutaxassislarning umumiy soni 22 926tadan ortiq.
To‘qqiz oyda “IT Park” rezidentlarining umumiy soni 1470ta kompaniyani tashkil etdi. Shundan, 431tasi O‘zbekiston hududlarida, 1039tasi esa Toshkent shahrida ro‘yxatga olingan. Shu bilan birga, 305ta rezident ta’lim kompaniyasi bo‘lib, xorijiy kapital ishtirokidagi kompaniyalar soni 244tani tashkil etdi.
Eksportga yo‘naltirilgan “IT Park” rezident kompaniyalari soni sezilarli darajada oshib, 520taga yetdi. Shundan 316tasi IT-xizmatlari va 204tasi esa BPO-xizmatlarini ko‘rsatadi.
Bu davrda “IT Park” rezidenti maqomini olgan kompaniyalar soni 634ta bo‘lib, 247ta kompaniyaga bu maqomni berish rad etildi.
Shuningdek, 236ta kompaniya rezident maqomidan mahrum etildi. Shundan, 150tasi o‘z majburiyatlarini bajarmagan, 86tasi esa ruxsat etilmagan faoliyatni amalga oshirgan.
Avvalroq “IT Park” rezidenti bo‘lish IT-kompaniyalarga nima berishi va nima uchun ayrimlar bundan mahrum qilinishi haqida maqola e’lon qilingandi.
AQShning 20dan ortiq IT va BPO kompaniyalari O‘zbekiston bozoriga kirishni rejalashtirmoqda. IT-autsorsing va BPO xizmatlarni ko‘rsatuvchi kompaniyalarni mamlakatga jalb qilish orqali 2024-yilning yakunigacha 1500dan ortiq ish o‘rinlarini yaratadi.
Shuningdek, Amerika kompaniyalarining O‘zbekistonda rasmiy vakolatxonalari tashkil etilishi va ularga “IT Park” rezidenti maqomi berilishi mumkin.